To‘qayev Bosh prokurorga halok bo‘lgan askarlar onalarining talablarini ko‘rib chiqishni buyurdi

Miting ishtirokchilari. t.me/qumash_kz videosidan kollaj

Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov halok bo‘lgan askarlar onalarining murojaatlarini 12 kun ichida ko‘rib chiqishi kerak. Tegishli topshiriq prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan berildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot kotibi Ruslan Jeldibay.

Bosh prokuror shuningdek, askarlarning o‘limi bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va ko‘rib chiqishda qonunga rioya qilinishini tekshirish va natijalarni belgilangan muddatda taqdim etish uchun javobgar bo‘ladi.

Avvalroq, 10 noyabr kuni Ostonadagi Vazirlar uyi yonida turli vaqtlarda Qozog‘iston armiyasida halok bo‘lgan va jarohat olgan harbiy xizmatchilar onalarining mitingi bo‘lib o‘tdi. Ular mamlakat rahbariyatiga harbiy xizmat tizimini isloh qilish va askarlar xavfsizligini yaxshilashni talab qilib murojaat qilishdi. Bunga javoban Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkib xavfsizligi eng muhim ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Vlast.kz xabariga ko‘ra, namoyishchilar shuningdek, ularga peshvoz chiqmagan Mudofaa vaziri Dauren Kosanov bilan uchrashuvni so‘rashgan. Keyinchalik ayollar ushlanib, Boyqo‘ng‘ir tumani politsiya bo‘limiga olib ketilgan.

Kosanov shu yilning iyun oyidan beri Qozog‘iston Mudofaa vazirligini boshqarib keladi. Avgust oyida To‘qayev, boshqa ishlar qatori, unga «armiyadagi fojiali hodisalar sonini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish»ni buyurdi. Faollar ham, parlament a’zolari ham bir necha bor ushbu hodisalarning ko‘payishiga e’tibor qaratishdi. Masalan, Majilis (parlamentning quyi palatasi) a’zosi Natalya Dementeva 13 oktyabr kuni hukumat soatida armiyadagi zo‘ravonlik holatlari haqida xavotir bildirdi, bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar orasida o‘lim va o‘z joniga qasd qilish xodisalariga olib kelmoqda.

Birgina shu kuzning boshidan beri bir nechta shunga o‘xshash hodisalar sodir bo‘ldi: 7 oktyabr kuni Mang‘istov viloyatida muddatli harbiy xizmatchi vafot etdi va sentyabr o‘rtalarida Olmaota viloyatida 19 yoshli muddatli harbiy xizmatchi Dinmuhamed Shinarbek olamdan o‘tdi.