Qozog‘istonda «Xutorskiye» jinoiy guruh yetakchisi deb tanilgan Hasan Qasimbayev sudlandi

Hasan Qasimbayev. Ijtimoiy tarmoq fotosurati

Olmaota viloyatining Talgar tuman sudi OAV «Xutorskiye» uyushgan jinoyatchilik guruhining yetakchisi deb ta’riflagan Hasan Qasimbayevga nisbatan hukm chiqardi, deb xabar beradi Tengrinews.kz nashri.

U odam o‘g‘irlash, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish va tovlamachilikda aybdor deb topilgan. Qasimbayev barcha ayblovlar bo‘yicha 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. U jazosini o‘rtacha xavfsizlikdagi muassasada o‘taydi.

Ishga yana besh nafar sudlanuvchi ham aloqador bo‘lgan. Ularga xuddi shu ayblovlar bo‘yicha 8 yildan 22 yilgacha qamoq jazosi berilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yozida sudlanuvchilar Talgarda aralash jang san’ati jangchisi va murabbiyi Arman Alimovga hujum qilib, uni kaltaklab, shahar tashqarisiga olib chiqishgan. Buning sababi, aytilishicha, Alimovning «Qasimbayev men uchun avtoritet emas» degan bayonoti bo‘lgan. Buni eshitgan Hasan Qasimbayev bu odamni «jazolashga» qaror qildi va bu ishga o‘z sheriklarini jalb qilgan.

Tovlamachilik epizodiga kelsak, tergovchilarning fikriga ko‘ra, Qasimbayev va uning sheriklari biznesmen Aripjan Tajiyevdan dorixonasini boshqarish uchun pul undirishga uringan. Ular jabrlanuvchini hushidan ketguncha kaltaklashgan va bir million tenge (taxminan 2000 dollar) talab qilishgan.

So‘nggi so‘zida Qasimbayev o‘zining aybsizligini ta’kidlagan va unga qarshi qo‘zg‘atilgan ish soxtalashtirilganini da’vo qilgan. U dalillar yetarli emasligi sababli oqlovni so‘ragan, ammo sud sudlanuvchining dalillarini asossiz deb topgan.

Hasan Qasimbayevning nomi Talgarda o‘smir Sherzat Bolatning o‘ldirilishidan so‘ng keng yoyildi. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, rahbari Qasimbayev bo‘lgan «Xutorskiye» uyushgan jinoyatchilik guruhi a’zolari jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin. U esa o‘zini biznesmen deb, barcha bunday ayblovlarni rad etgan. Ichki ishlar vazirligi o‘sha paytda Hasan Qasimbayevning Sherzat o‘limiga oid ishda hech qanday maqomga ega emasligini ta’kidlagandi.