Rossiya-Qozog‘iston chegarasida yuk mashinalarining turib qolishi muammosi tez orada hal qilinadi, dedi Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Savelev «Rossiya-1» telekanaliga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 11-12 noyabr kunlari Rossiyaga davlat tashrifi davomida muhokama qilingan.
«Biz nazorat-o‘tkazish punktlarimiz bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni muhokama qildik. Rossiya-Qozog‘iston chegarasi dunyodagi eng uzun chegara hisoblanadi — 7500 kilometr. Chegara bo‘ylab 52 ta nazorat-o‘tkazish punktimiz bor, ulardan 30 tasi avtomobillar uchun. <…> U yerda bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq ba’zi muammolar yuzaga kelgan. Lekin menimcha, hamma narsa tez orada hal qilinadi», — dedi Savelev.
U shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Eron tomonidan ishlab chiqilayotgan «Shimol-Janub» xalqaro transport yo‘lagining sharqiy yo‘nalishi istiqbollarini ham gapirib berdi. 2025 yilga kelib ushbu yo‘nalish bo‘ylab taxminan 1 million tonna yuk tashish rejalashtirilgan. Noyabr oyi boshida Rossiyadan birinchi poyezd sharqiy yo‘nalish orqali Eronning Aprin quruqlik portiga yetib borgan. 62 ta qirq futlik konteynerlardan iborat poyezd yo‘lni avvalgi 33 kunga nisbatan 13 kunda bosib o‘tgan.
«Logistika rivojlanmoqda va bu to‘rtta mamlakat: Turkmaniston, Rossiya, Qozog‘iston va Eron tomonidan qabul qilinayotgan tarif qarorlari bilan bog‘liq. Bu juda dalda beruvchi holat. Ushbu yo‘lak barqaror rivojlanib boraveradi», — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Rossiya-Qozog‘iston chegarasida yuk mashinalarining tirbandligi bilan bog‘liq vaziyat sentyabr oyidan beri murakkabligicha qolmoqda. Rasman, ikkala mamlakat hukumati og‘ir yuk mashinalarining chegaradan o‘tishida hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidlaydi. Biroq, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari Rossiya tomonida xavfsizlik tekshiruvining kuchayishidan qo‘rqib, ba’zi yuk mashinalari Qozog‘istonda to‘xtab turgani haqida xabar bermoqda. Oktyabr oyi boshida Rossiya Federal bojxona xizmati chegara yaqinida «transport vositalarini tasodifan tekshiruvchi» «mobil guruhlar» faoliyat yuritayotganini xabar qilgandi.
Oktyabr oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston va Qirg‘izistondan avtomobil yo‘li orqali kerakligicha rasmiylashtirilgan tovarlarni olib kirishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Bu chegaradagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan vaqtinchalik chora edi, ammo tirbandlik hanuzgacha muammoligicha qolmoqda.



