Novorossiyskda Qozog‘iston neftini qabul qiluvchi neft bazasi dronlar hujumidan zarar ko‘rdi

«Shesxaris» majmuasi. chernomor.transneft.rf sayti fotosurati

Krasnodar o‘lkasi tezkor guruhining xabar berishicha, Novorossiyskdagi «Shesxaris» yuk tashish majmuasidagi neft bazasi dronlar hujumidan zarar ko‘rgan.

Sohildagi inshootlar ham zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar mutaxassislari voqea joyida ishlamoqda. Hujumdan keyin boshlangan yong‘in o‘chirilgan.

«Shesxaris» — Rossiyaning janubidagi neft va neft mahsulotlarini qabul qilish va qayta jo‘natish bo‘yicha eng yirik terminallaridan biri sanaladi. Mazkur inshoot eksport uchun xom neftni qabul qilish, saqlash va jo‘natish, shuningdek, uni Krasnodar o‘lkasidagi neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan.

Energy monitor ta’kidlashicha, qozog‘istonlik eksportchilar majmua infratuzilmasi orqali yiliga 6 million tonnadan ortiq neft jo‘natadi. Yuklar ikkita asosiy yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi: Atirau-Samara-Novorossiysk neft quvuri va Maxachkala-Novorossiysk neft quvuri.

Qozog‘iston Energetika vazirligi hozircha vaziyat bo‘yicha izoh bermagan.

Sentyabr oyi oxirida Ukraina dronlari Orenburgdagi gazni qayta ishlash zavodiga zarba berganidan so‘ng korxonadagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgandi, shu jumladan Qozog‘istondan gaz qabul qilish ishlari ham.