Olmaota viloyatida 12 kishi Xitoy bayrog‘i va Si Szinpin portretini yoqib yuborgani uchun hibsga olindi

Aksiya ishtirokchilari. t.me/orda_kz fotosurati

Olmaota viloyatining Uyg‘ur tumanida taxminan 30 kishi Xitoy bayrog‘i va Xitoy yetakchisi Si Szinpin portretini yoqib, norozilik namoyishi o‘tkazdi, deb xabar beradi ORDA.kz. Namoyishchilar Qozog‘iston fuqarosi Alimnur Turganbayning Xitoyda hibsga olinishiga qarshi norozilik bildirishgan.

«Alimnur Xitoyda to‘rt oydan beri hibsda. O‘shandan beri Xitoy hech qanday aniq javob bermadi. Alimnur Qozog‘iston fuqarosi. U ozod qilinmaguncha men qarshiligimni to‘xtatmayman», — deya nashr namoyishchilardan birining so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

«U asossiz hibsga olingan. Xitoyliklar birodarlarimizni lagerda ushlab turishibdi», — deya qo‘shimcha qiladi norozilik namoyishida ishtirok etgan bir kishi.

Namoyishchilar qozoq va xitoy tillarida murojaat qilishgan, shundan so‘ng ular Xitoy bayrog‘i va Xitoy yetakchisi portretini yoqib yuborishgan. Politsiya voqea joyiga yetib kelib, namoyishchilarni hibsga olgan.

Keyinroq Olmaota viloyati politsiya boshqarmasi matbuot xizmati ruxsatsiz norozilik namoyishida 12 ishtirokchi 15 kungacha hibsga olingani haqida xabar berdi. Ular Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 434-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ayblangan. Yana olti kishi 20 oylik hisob ko‘rsatgichi (taxminan 150 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. Nafratni qo‘zg‘atish bo‘yicha alohida jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb qo‘shimcha qiladi politsiya boshqarmasi.

Politsiya davlat ramzlariga putur yetkazish qonunni jiddiy buzish ekanini yana bir bor eslatdi.

Alimnur Turganbay asli Shinjondagi (Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan) Ili Qozoq avtonom okrugidan. U 2017 yili Qozog‘iston fuqaroligini olgan. O‘tgan yozda u Xitoy chegarachilari tomonidan hibsga olingan va o‘shandan beri qarindoshlari bilan bog‘lanmagan. Avgust oyida Turganbayning rafiqasi va qizi Olmaota akimati binosi oldida prezident Qosim-Jomart To‘qayevga videomurojaat qilishgan. Ular prezidentdan Turganbayni Qozog‘istonga qaytarishda yordam so‘rashgan.

Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, erkakning hibsga olinishi uning ikki fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo Turganbayning oilasi uning Xitoy fuqaroligidan rasman voz kechganini da’vo qiladi. Uning qarindoshlari Xitoy konsulligi va Tashqi ishlar vazirligi idorasi oldida bir nechta norozilik namoyishlari o‘tkazganlar, buning uchun ular hibsga olingan va jarimaga tortilgan.