Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Abdurahmon Abdurahmonzodani Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri etib tayinladi. Tegishli farmon 14 noyabr kuni davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ushbu lavozimni egallagan Zavqi Zavqizoda Tojikistonning AQSHdagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlandi. Shu kuni respublikaning Fransiya, Italiya va Avstriyadagi yangi elchilari tayinlandi.
Prezident roziligi bilan Rossiyaning bir nechta viloyati va shaharlarida Tojikistonning bosh konsullari tayinlandi. «Aziya-plyus» nashrining ta’kidlashicha, tojik diplomatiyasi tarixida ilk bor ayol kishi bunday lavozimni egallagan: Zarina Ismoilzoda Novosibirskdagi Tojikiston konsulligi rahbari etib tayinlandi. Ushbu tayinlovdan oldin u Tashqi ishlar vazirligining Axborot va matbuot departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
ℹ️ Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligining yangi rahbari Abdurahmon Abdurahmonzoda 1988 yil 11 noyabrda tug‘ilgan. U Nyu-York institutini (AQSH, 2010) va Tojikiston milliy universitetini (2012) tamomlagan va u yerda global iqtisodiyot bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. Hozirda u «Tojikiston Respublikasining integratsiya jarayonlarini xalqaro savdo tizimiga institutsionalizatsiya qilish» mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda.
Abdurahmonzoda faoliyati Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan hamkorlik, savdo siyosati va iste’mol bozorlarini nazorat qiluvchi bo‘limlar bilan bog‘liq bo‘lgan. U 2020 yildan 2023 yilgacha Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan, shundan so‘ng Dushanbe shahar hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan.



