O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hozirgi mintaqaviy sammitlarni maslahatlashuv formatidan strategik — «Markaziy Osiyo hamjamiyati» formatiga o‘zgartirishni taklif qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlararo hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlaydi. O‘zbekiston rahbari ushbu tashabbusni Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida taqdim etdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Shuningdek, prezident boy hayotiy tajribaga ega, obro‘-e’tiborli jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish tashabbusini ilgari surdi, bu avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhim maqsadlardan biri Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasini 1,5-2 baravar oshirish uchun savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash, soliq va bojxona tartiblarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanishni kengaytirish zarur.
«Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha masalalarni qamrab oladigan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish savdo hajmlarini sezilarli darajada oshirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi», — dedi Mirziyoyev.
Bundan tashqari, mintaqada yagona investitsiya muhitini shakllantirish uchun Umumiy investitsiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish zarurligi qayd etildi. Sohadagi yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, virtual savdo maydonchalari va ishonchli raqamli to‘lov tizimlarini yaratishga qaratilgan Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti transport yo‘laklari va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, jumladan, elektr stansiyalari, elektr uzatish liniyalari, yo‘llar, chegara o‘tish punktlari va boshqa loyihalarni modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish taklif qilindi.
Mirziyoyev hamkasblarini Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga integratsiya qilishni ko‘rib chiqishga chaqirdi. U qo‘shni davlatni Amudaryo havzasi resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha muloqotga jalb qilish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Suv tanqisligining ortib borayotganini hisobga olgan holda, davlat rahbari 2026-2036 yillarni «Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi»deb e’lon qilishni taklif qildi.
Madaniy va gumanitar hamkorlik nuqtayi nazaridan, prezident Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlar, ularning ilmiy va ma’naviy ma’rifati uchun jozibador maskanga aylanishiga umid bildirildi. O‘zbekiston rahbari shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish, akademik hamjamiyatni rag‘batlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun Ilmiy tadqiqotlar fondini yaratishni taklif qildi.
Sammitda Mirziyoyev Markaziy Osiyo bilan umumiy tarixga, qarindoshlik aloqalariga va ma’naviy, madaniy yaqinlikka ega bo‘lgan Ozarbayjonning muloqotda ishtirok etayotganini olqishladi. U bunday tadbirlarning asosiy maqsadi barqaror, xavfsiz va gullab-yashnagan Markaziy Osiyoni barpo etish ekanini ta’kidladi.
«Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin», — dedi Mirziyoyev.
Sammit yakunida mintaqa va Ozarbayjon prezidentlarining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar quyidagi hujjatlarni imzoladilar:
✅ Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga murojaat;
✅ Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror;
✅ Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi;
✅ Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar.
ℹ️ 16 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.
