Sud qozog‘istonlik Yana Legkodimova o‘limida aybdor deb topilgan shaxslarni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi

Yana Legkodimova. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Atirau viloyatining ixtisoslashtirilgan tumanlararo jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Atirau (Qozog‘iston g‘arbidagi shahar) shahrida yashovchi 23 yoshli Yana Legkodimovani o‘ldirishda ayblanayotgan Rizuan Xayrjanov va Altinbek Katimovni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar beradi Vlast.kz.

Sudlangan erkaklar jazoni favqulodda xavfsizlik tizimi joriy etilgan jazoni ijro etish muassasasida o‘taydilar. Xayrjanov va Katimov Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi: bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan qotillik (Q.R Jinoyat kodeksining 99-moddasi 2-qismi, 7-bandi) va oldindan til biriktirib, boshqa birovning mulkini qasddan yo‘q qilish (Q.R Jinoyat kodeksining 202-moddasi 2-qismi, 6-bandi).

Sud shuningdek, marhumaning onasi Galina Legkodimova da’vosini qisman qondirgan. Xayrjanov va Katimovdan moddiy zarar ko‘rinishida 1,9 million tenge (3600 dollar) va ma’naviy zarar ko‘rinishida 15 million tenge (taxminan 29 000 dollar) miqdorida kompensatsiya undiriladi.

Atirau shahrida yashovchi 23 yoshli Yana Legkodimova 2024 yil 18 oktabrda bedarak yo‘qolgan. U tanishining qo‘ng‘irog‘idan so‘ng uyidan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Onasi Galina Legkodimovaning aytishicha, kvartirada qizining telefon quvvatlantiruvchi qurilmasi, quloqchini va kurtkasi qolgan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu «odatiy uydan chiqib ketishga o‘xshamagan». Yana Legkodimovaning jasadi oradan sakkiz oy o‘tgach, 2025 yil iyun oyida Taldiko‘l qishlog‘i yaqinidagi O‘rol daryosi bo‘yida topilgan.

Politsiya gumondorlarni Yananing kundaligi orqali topgan, unda u qiz «R» bosh harfi bilan yozilgan odamni tilga olgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Rizuan Xayrjanov qizni mashinada bo‘g‘ib o‘ldirgan, uning sherigi Altinbek Katimov esa eshikni berkitib, qizning qochishiga yo‘l qo‘ymagan. Qotillikdan so‘ng, qizning jasadini Urol daryosiga tashlashgan.

Tergovchilar Xayrjanov ishqiy aloqalarini Yana uning xotiniga aytib berishidan qo‘rqib o‘ldirishga qaror qilgan deb hisoblashadi. U sherigi Katimovga yordam uchun 500 000 tenge (956 dollar) va’da qilgan. Tergov aniqlashicha, qotillikdan oldin erkaklar Yanani o‘ldirishning o‘nlab usullarini muhokama qilishgan. Ular, shuningdek, qizning telefonini yo‘q qilishni rejalashtirishgan va sudlanuvchilardan biri qotillikdan so‘ng mashinaning ichki qismini tozalaganini tan olgan.

Sud majlisida ikkala erkak ham aybini tan olgan.

Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, ishdagi asosiy dalillardan biri ikki sudlanuvchi o‘rtasida topilgan yozishmalar bo‘lgan (ular uni o‘chirishga urinishgan). Unda yigitlar hamma narsa «mukammal bo‘lishi kerak»ligi va «bundan ham yomonroq ishlarni qilganini» yozishgan. «Yerga ko‘milish vaqti keldi, azizam», deb yozgan ulardan biri. Sudlanuvchilar shuningdek, amaldorlarga pora berish ehtimolini ham muhokama qilishgan.

Hukm e’lon qilingandan so‘ng, sudya Zarema Xamidullina nega bunday qaror chiqarganini tushuntirgan va sud zalida o‘ldirilgan Yana Legkodimova jasadi qoldiqlari tasvirlangan fotosuratni ko‘rsatgan. «Mana, Yanadan nimalar qolganini ko‘ring. Uning pastki jag‘i, qo‘llari, oyoqlari va tos suyagi yo‘q. Uning jasadini hayvonlar nimtalagan. Jasadning qolgan qismi qayerda? Shuning uchun sud sizlarni Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan eng og‘ir jazoga hukm qildi», — degan u sudlanuvchilarga murojaat qilib. Sudya shuningdek, Rizuan Xayrjanovning marhum go‘yoki axloqsiz turmush tarzini olib borgani haqidagi da’volariga izoh berarkan, bu asossiz ekanini ta’kidlagan.

«Yana sizni yaxshi ko‘rgan. Navbatdagi jabrlangan ayol. Siz,Rizuan Xayrjanov, hali ham qilmishingizni tan olmadingiz va tuzatish yo‘liga o‘tmadingiz. Bir necha kun ketma-ket siz qotillik usulini shafqatsizlarcha, kinoya va kulgi bilan muhokama qilgangiz. Sizni jabrlanuvchining ahvoli emas, qanday qilib politsiyadan qutulib qolish g‘oyasi o‘ylantirgan. Sud jarayoni davomida sud sizning faqat bitta argumentingizni qabul qildi: qilmishingizni hecham oqlab bo‘lmaydi», — deya xulosa qilgan sudya.

Mazkur sud jarayoni Qozog‘istonda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Yetakchi qozog‘iston ommaviy axborot vositalari ularni kuzatib bordi. Hukm e’lon qilingandan so‘ng, qizning onasi Galina Legkodimova sud qarorini adolatli deb atadi.