O‘zbekistonning noyob ilmiy muassasalari — Genomika markazi va Paxta instituti birgalikda yangi paxta navini yaratadi va bu import qilinadigan urug‘larga ehtiyoj qoldirmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda seleksionerlarga shunday ko‘rsatma berdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Davlat rahbari ushbu tadqiqot markazlarining salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi. Shuning uchun ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurib berish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi.
Yig‘ilishda hosildorlikni oshirish ham muhokama qilindi. Tegishli idoralar vakillari past hosildor fermer xo‘jaliklariga maqsadli yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va agronomlarni tayyorlash jarayonini tubdan isloh qilish haqida hisobot berishdi.
Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.
Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 million so‘mdan (415 dollar) mukofot puli beriladi.
Shuningdek, agronomlarni tayyorlash uchun Agrar universiteti va boshqa ixtisoslashgan universitetlar bitiruvchilari uchun ikki yillik dual ta’lim dasturi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.
Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mavzusi ko‘tarildi. Prezident qishloq xo‘jaligi dronlaridan yanada faolroq foydalanish va bu sohada mutaxassislarni tayyorlashni buyurdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligiga raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish zarur. Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiylari davlat rahbariga bu sohada xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlar olib borilayotganini ma’lum qildilar.
Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketganda, 2026 yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.
Bundan tashqari, subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. U mamlakat iqtisodiyotining 20 foizini tashkil etadi, korxonalar yiliga 467 trillion so‘m (38,7 milliard dollar) qiymatidagi mahsulot ishlab chiqaradi va 3,5 million kishini ish bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, yangi va qayta ishlangan agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini tashkil qiladi.



