Qozog‘iston janubida xususiy uyda sodir bo‘lgan yong‘inda to‘qqiz bola va uch nafar katta kishi halok bo‘ldi

7 kanal fotosurati

Turkiston viloyatida (Janubiy Qozog‘iston) ikki qavatli xususiy uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 12 kishi, jumladan, to‘qqiz bola halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar departamenti (FVD) xabar berdi.

«Jetisay tumanidagi Algabas qishlog‘idagi ikki qavatli xususiy uyda yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar kelib tushdi. <...> Yong‘inni tekshirish va o‘chirish jarayonida uydan hushidan ketgan uch kishi evakuatsiya qilindi va tez yordam brigadasiga topshirildi. Ichkarida halok bo‘lgan 12 odam borligi aniqlandi, ulardan to‘qqiz nafari bola bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Yong‘in 360 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Qo‘shnilarning so‘zlariga ko‘ra, mehmonlar uyda bo‘lgan, chunki egalari bir kun oldin tadbir o‘tkazishgan.

Hozirda favqulodda vaziyatlar xizmati voqea joyida ishlamoqda. Tergov boshlangan va yong‘in sababi aniqlanmoqda. «Sedmoy kanal» telekanalining xabar berishicha, qurbonlarning eng kichigi 2024 yilda tug‘ilgan bola bo‘lgan. Tengrinews.kz bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Dinara Zakiyevaga tayanib, fojia sodir bo‘lgan uyda ikki oila — ota-onalar va bolalar bo‘lganini xabar qilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yong‘inda halok bo‘lganlar munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Hukumat va viloyat hokimiga qurbonlarning yaqin oilalariga barcha zarur yordamni ko‘rsatish topshirildi. Davlat rahbari shuningdek, favqulodda vaziyat sabablarini tekshirish uchun hukumat komissiyasini tuzishni buyurdi. Uning tarkibiga Bosh vazir o‘rinbosari Kanat Bozumbayev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va viloyat hokimligi rahbariyati kiradi.