20 noyabr kuni Rossiya Davlat Dumasi majburiy tibbiy sug‘urta polislari faqat Rossiya Federatsiyasida besh yillik sug‘urta stajiga ega ishchi migrantlarga berilishiga oid qonunni qabul qildi. Bu haqda Davlat Dumasi matbuot xizmati xabar berdi.
«Endi mamlakatimizda bepul tibbiy yordam olish uchun chet el fuqarolari Rossiyada kamida besh yil qonuniy ravishda ishlagan bo‘lishi kerak. Favqulodda holatlar bundan mustasno. Mamlakatimizga ishlash uchun kelgan va yuqori sifatli ijtimoiy kafolatlardan foydalanishni istaganlar buni halol va qonuniy mehnati orqali isbotlashlari kerak», — dedi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin.
Majburiy tibbiy sug‘urta (MTS) — bu davlat ijtimoiy dasturi doirasida bepul tibbiy yordam olish huquqini tasdiqlovchi hujjat. Amaldagi qonunga ko‘ra, majburiy tibbiy sug‘urta olish huquqiga ega bo‘lish uchun migrantlar Rossiyada kamida uch yil ishlagan bo‘lishi kerak.
Qonun loyihasiga berilgan tushuntirish xatida Rossiyada vaqtincha ishlayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun besh yillik ish staji majburiy bo‘lishi aytilgan, yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek, RFda joylashgan Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kompaniyalarning filiallari, vakolatxonalari va sho‘ba korxonalarida ishlash uchun yuborilgan chet elliklar bundan mustasno.
Qonun Rf prezidenti tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi.



