Qirg‘izistonlik jurnalist Bolot Temirov matbuot erkinligi mukofotiga sazovor bo‘ldi

Bolot Temirov

AQSHda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists, CPJ) qirg‘izistonlik jurnalist va media menejeri Bolot Temirov 2025 yilgi Xalqaro matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirlanganini e’lon qildi.

Bolot Temirov Qirg‘iziston rasmiylarining mustaqil matbuotga nisbatan keskin bosimi ostida so‘z erkinligi uchun kurashdagi jasorati va matonati uchun mukofotlandi. Temirov Markaziy Osiyodagi eng taniqli korrupsiyaga qarshi kurashuvchi Temirov Live kanalini boshqaradi, u YouTube kanali formatida ishlaydi va jurnalistlar xavfsizlik borasida jiddiy tahdidlarga uchrayotganiga qaramay, Qirg‘iziston prezidenti kabi yuqori lavozimli amaldorlar ustidan surishtiruv materiallarini nashr etadi.

Temirovning asosiy yutuqlari orasida 2020 yilda uning rahbarligida Factcheck.kg nashriyoti Bellingcat bilan hamkorlikda qirg‘izistonlik amaldorning keng ko‘lamli korrupsiyasiga oid qo‘shma tergov materialini nashr etgani bor. Ushbu jurnalistik surishtiruv ishlari saylovlardagi firibgarlik dalillari tufayli odamlar orasida g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi va 2020 yil oktyabr oyida hukumat ag‘darilishi bilan yakunlangan ommaviy norozilik namoyishlariga olib keldi.

Hukumat tomonidan ta’qiblarga, jumladan, 2020 yili kaltaklangani va 2022 yili unga yashirin giyohvand moddalar tashlab qo‘yilganiga qaramay, Temirov Yevropada surgunda bo‘lishiga qaramay jurnalistik faoliyatini davom ettirdi. 2025 yil oktyabr oyida Bishkek sudi Temirov Live, Kloop.kg va «Ayt ayt dese» nashrlarini ekstremist deb e’lon qildi. Temirov Live direktori Maxabat Tajibek qizi ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atish ayblovi bilan olti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

ℹ️ Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi – 1981 yili tashkil etilgan, bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan xalqaro nodavlat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar huquqlarini himoya qiladi, matbuotga qilingan hujumlarni hujjatlashtiradi, ta’qib qilingan jurnalistlarga yordam beradi va matbuot erkinligi holati bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. CPJ — bu xususiy xayriyalar hisobidan moliyalashtiriladigan mustaqil, notijorat tashkilot. CPJning Matbuot erkinligi mukofoti bilan odatda yangiliklarni yoritgani uchun kaltaklangan, tahdid ostida bo‘lgan, qo‘rqitilgan va qamoqqa tashlangan jurnalistlar taqdirlanadi.

ℹ️ Bolot Temirov Qirg‘izistondan ushbu nufuzli xalqaro mukofotni olgan ikkinchi jurnalist bo‘ldi, bu mukofotning birinchi sohibi — Qirg‘iziston qamoqxonasida vafot etgan jurnalist, inson huquqlari faoli va mahalliy «Havo» inson huquqlari guruhi direktori Azimjon Asqarovdan so‘ng 13 yil o‘tib sodir bo‘ldi. Asqarov mintaqaviy yangiliklar aytlarida, jumladan, «Ozodlik ovozi» va «Farg‘ona» nashrlarida inson huquqlari buzilishi, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiya, mahbuslarning qiynoqqa solinishi va hukumatning boshqa suiiste’molliklarini fosh qiluvchi materiallarini nashr etgandi.