Turkmanistonning Bolqon viloyatidagi Mammetko‘l va Delili suv omborlari butunlay qurib qoldi. Bu haqda «Meteojurnal» xabar berdi.
Buning sababi uzoq davom etgan qurg‘oqchilik, 2024/2025 yilgi sovuq davrda yog‘ingarchilikning kamligi va Etrek (Atrek) daryosidan suv to‘liq kelmaganidan yuzaga kelgan, deb hisoblanadi.
2024 yil noyabr oyida Mammetko‘l suv omborining umumiy suv satxi 3,26 km² ni, Delili suv omboriniki esa 0,2 km² ni tashkil etgan. 2025 yil mart oyiga kelib Mammetko‘l suv omborining maydoni 2,5 km² gacha, Delili suv ombori esa deyarli 0,08 km² gacha qurib qolgan.
May oyida Mammetko‘l suv omborining maydoni 0,65 km² gacha qisqardi va Delili suv ombori butunlay qurib qoldi. 2025 yil iyun oyining boshlariga kelib, Mammetko‘l suv ombori ham butunlay qurib qolgan. Mammetko‘l oxirgi marta 2021 yil oktyabr oyida butunlay qurib qolgan va 2023 yil avgustigacha quruq bo‘lgan, o‘shanda u katta suv toshqini hisobiga to‘lgandi.
Mammetko‘l suv ombori 1964 yilda foydalanishga topshirilgan, uning to‘liq sig‘imi 20,5 million kubometrni, foydalanishga yaroqli sig‘imi esa 17,9 million kubometrni tashkil qiladi. Delili suv ombori 1970 yilda foydalanishga topshirilgan, uning to‘liq va foydalanishga yaroqli sig‘imi 5,32 million kubometrni tashkil etadi.
Etrek ob-havo stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan noyabrgacha faqat fevral va mart oylarida me’yorga yaqin yog‘ingarchilik bo‘lgan, boshqa oylarda esa me’yordan ancha past bo‘lgan. Yanvar oyida atigi 1,6 mm, may oyida esa 1,4 mm yog‘gan. Iyundan avgustgacha yomg‘ir yog‘magan va kuz ham quruq bo‘lgan.
2025 yilning birinchi yarmida yog‘ingarchilik taqchilligi sababli, Amudaryo havzasi tashqarisidagi suv omborlari va daryolarda gidrologik qurg‘oqchilik kuchaydi. Bu Murg‘ob va Tejen suv omborlarida suv sathining keskin pasayishiga olib keldi. Kam oqimli Atrek daryosi bilan oziqlanadigan sun’iy suv omborlari butunlay qurib qolgan. Kuzda Amudaryo havzasi suv omborlarida suvni boshqarish bilan bog‘liq vaziyat ham yomonlashgan.

