Bishkek sudi sobiq Kloop operatorlariga berilgan jazoni yumshatdi va ularni ozod qildi

ALЕKSANDR ALЕKSANDROV VA JOOMART DUULATOV OZOD ETILGANIDAN SO‘NG. «TANDIR MЕDIA» VIDЕOSIDAN KADR

25 noyabr kuni Bishkek shahar sudi apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqqandan so‘ng, sobiq Kloop operatorlari Aleksandr Aleksandrov va Joomart Duulatovning jazo muddatini o‘zgartirdi. Ularning besh yillik qamoq jazosi uch yillik shartli ozodlikka almashtirildi va operatorlar sudda ozod qilindi, deb xabar berdi Kloop.

Qirg‘iziston poytaxtidagi Pervomayskiy tuman sudi xuddi shu ish bo‘yicha sudlangan nashrning ikki buxgalteri jazosini o‘zgartirmadi – ularga uch yillik shartli jazo berilgandi.

Shu yil sentyabr oyida sobiq Kloopning to‘rt nafar xodimi sudlangan. Ayblovga Qirg‘izistondan deportatsiya qilingan tergovchi jurnalist Bolot Temirov boshqaradigan Temirov Live kanalida joylashtirilgan videolar sabab bo‘lgan. Tergov sobiq «Kloop» xodimlari ushbu materiallarni tayyorlash va tarqatishda ishtirok etganini iddao qilgan, garchi operatorlar va buxgalterlar mazkur videolarni suratga olish yoki chop etilishiga aloqadorligini rad etishganiga qaramay. Mutaxassislar videolarda tartibsizliklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqiriqlar topmaganlar. Shuningdek, Temirov kanalining «Ozodlik berilmaydi, ozodlik qo‘lga kiritiladi» shiori «Kloop» bilan bog‘liq emasligi ta’kidlangan.

Sud majlisida Kloopning sobiq xodimlari o‘z aybini tan olishmagan va tergov tomonidan bosim o‘tkazilganini da’vo qilishgan. Aleksandrov uy qamog‘iga olish uchun «o‘zini o‘zi tuhmat qilishga» majbur bo‘lganini aytgan, Duulatov esa qamoq jazosi tahdidi ostida iqrornoma imzolaganini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, sudlanuvchilar Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 40-moddasi («Jinoyat sodir etgan shaxs») va 278-moddasining 3-qismi («Hukumat amaldorlarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqiriqlar, shuningdek, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga chaqiriqlar») bo‘yicha aybdor deb topilgan.

ℹ️ Kloop tahririyati bir necha yillardan beri muntazam bosim ostida. 2023 yil kuzida nashrning sayti bloklandi va 2024 yil fevral oyida sud loyihaning yuridik shaxsi — Kloop Media jamoat fondini tugatdi. 2025 yil oktyabr oyida Bishkekning Oktyabr tuman sudi Temirov Live, Kloop.kg va «Ayt ayt dese»ni ekstremist deb e’lon qildi.