Toliblar* hukumatidagi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Tojikistonning Xatlon viloyatida uch nafar xitoylik ishchining o‘ldirilganini qoraladi. Bu haqda TOLO News vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Zia Ahmad Takalga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum «mintaqa mamlakatlari o‘rtasida tartibsizlik, beqarorlik va ishonchsizlikni keltirib chiqarishga intilayotgan unsurlar» tomonidan amalga oshirilgan.
Vazirlik Xitoy va Tojikiston xalqlariga hamdardlik bildirdi va aybdorlarni aniqlash uchun mazkur mamlakatlar rasmiylari bilan hamkorlik qilishga va ma’lumot almashishga tayyorligini bildirdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 26 noyabr kuni uch nafar xitoylik ishchining o‘ldirilganini ma’lum qildi. Halok bo‘lganlar «Shoxin SM» tog‘-kon kompaniyasi ishchilari bo‘lgan. Hodisa Tojikistondagi Xatlon viloyatining Shamsiddin Shoxin tumanida sodir bo‘lgan. Afg‘onistonda joylashgan hujumchilar o‘qotar qurollar va granatalar to‘ldirilgan drondan foydalanishgan.
Ayni paytda, Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari Afg‘oniston-Tojikiston chegarasida yangi hodisa yuz bergani haqida xabar bermoqda. Afghanistan International xabariga ko‘ra, 30 noyabr kuni kechqurun Tojikistonda Afg‘oniston bilan chegaradosh Shadak tumanida yo‘l qurilishi loyihasida ishlayotgan ikki Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan. Hujum Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Maymay tumanidagi Razavi qishlog‘i tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, ishchilarga kichik qurollar bilan hujum qilingan. Manbalarga ko‘ra, hujumga Maymayga boshqa tumanlardan kelgan toliblarning chegara kuchlari aloqador deb taxmin qilinmoqda.
Xitoy va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari hozircha bu voqeaga rasman izoh berishmagan.
Shu bilan birga, 1 dekabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga so‘nggi haftada Afg‘oniston bilan chegarada ikkita otishma sodir bo‘lgani, besh kishi halok bo‘lgani va yana besh kishi yaralangani haqida xabar berilgan.
Mazkur xabar Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilinayotgan xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari bilan o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Rahmon «Afg‘oniston fuqarolarining noqonuniy va provokatsion harakatlarini qattiq qoraladi va mas’ul shaxslarga muammoni hal qilish va bunday noxush hodisalar oldini olish uchun samarali choralar ko‘rishni buyurdi», — deb yozadi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



