Islom Ismoilovning (chapda) bosh murabbiylikka tayinlanishi. Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati fotosurati
O‘zbekiston milliy terma jamoalarining sobiq bosh murabbiylari Timur Kapadze va Samvel Babayan mos ravishda «Navbahor» va «Andijo» klublarini boshqarishadi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining sobiq murabbiyi Islom Ismoilov Farg‘onaning «Neftchi» klubini qabul qilib oldi.
Timur Kapadze Namangan klubining bosh murabbiy lavozimida Sherzod Jo‘rayev o‘rnini egalladi. Ta’kidlash joiz, Kapadze nomzodi Indoneziya milliy terma jamoasi va Qozog‘iston klubining bosh murabbiyi lavozimlariga ham ko‘rib chiqilgan edi. U ilgari O‘zbekiston Olimpiya va milliy terma jamoalarida, shuningdek, Toshkentning «Olimpik» klubida ishlagan va ikkala jamoani ham Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatiga olib chiqqan.
O‘zbekistonning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri Samvel Babayan Maksim Shatskix o‘rniga «Andijon» jamoasiga qo‘shildi. Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyatidan tashqari, u bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan «Paxtakor», shuningdek, «Navbahor» va «Lokomotiv» klublarini ham boshqargan. U shuningdek, Xitoy va Latviya klublarida ishlagan. «Andijon» ikkinchi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishda davom etmoqda va o‘z guruhidan chiqish uchun 24 dekabr kuni Qatarning «Al-Ahli» jamoasini safarda mag‘lub etishi kerak.
Islom Ismoilov «Neftchi»da tojikistonlik murabbiy Vitaliy Levchenkoning o‘rnini egalladi, Levchenko Farg‘ona klubini 24 yildan so‘ng ilk bor chempionlikka olib chiqdi. Ismoilov 33 yoshda, ammo u professional klublarga murabbiylik qilish tajribasiga ega. U «Turon»ni Pro-Ligadan Superligaga olib chiqdi. Keyin Ismoilov yoshlar bilan ishlashga e’tibor qaratdi. U O‘zbekiston terma jamoasi bilan U-17 Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi va terma jamoani 2018 yilgi FIFA yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida pley-offga olib chiqdi.



