Tojikiston va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirlari Sirojiddin Muhriddin va Amir Xon Muttaqi 2 dekabr kuni telefon orqali suhbatlashdi. Unda umumiy chegarada insonlar qurbon bo‘lgani va xavfsizlik masalalari bosh mavzu bo‘ldi, deb xabar beradi Pajhwok.
Muttaqi so‘nggi paytlarda Kobul va Dushanbe o‘rtasida turli sohalarda ishonch muhiti shakllanganini, ammo ba’zi doiralar bu jarayonga putur yetkazishga urinayotganini ta’kidladi. U mintaqada barqarorlikni saqlash uchun qo‘shma sa’y-harakatlar muhimligiga urg‘u berdi va Afg‘onistonning chegara xavfsizligini mustahkamlash va qo‘shma tergov ishlari o‘tkazishga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi. Muttaqi barcha masalalarda ishlarni muvofiqlashtirishga tayyorligini bildirdi.
Sirojiddin Muhriddin Dushanbe Afg‘oniston hukumati bilan ijobiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. U ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishga intilayotgan «noxolis guruhlar» faoliyatini qoraladi.
Vazirlar ikki mamlakat chegara kuchlari o‘rtasida muntazam aloqalar o‘rnatish va xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma qo‘mitalarni tuzishga kelishib oldilar.
Muzokaralarga besh nafar Xitoy fuqarosining hayotiga zomin bo‘lgan Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida sodir bo‘lgan voqealar turtki bo‘ldi. 26 noyabr kuni sodir bo‘lgan birinchi hodisada «Shoxin SM» tog‘-kon kompaniyasining uch xodimi dron zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Ikkinchisida, 30 noyabr kuni, China Road and Bridge Corporation yo‘l qurilish kompaniyasining ikki ishchisi Afg‘oniston hududidan olib borilgan otishma oqibatida halok bo‘ldi.
30 noyabr kuni kechqurun Xitoyning Tojikistondagi elchisi Go Chjitszyun Tashqi ishlar vaziri va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bilan telefon orqali favqulodda muzokaralar olib bordi. 1 dekabr kuni Tojikistondagi Xitoy elchixonasi o‘zining WeChat akkauntida Xitoy kompaniyalarini tojik-afg‘on chegara hududlaridan xodimlarini zudlik bilan evakuatsiya qilishga doir chaqiriqni joylashtirdi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘oniston hududidan qilinayotgan hujumlarni qoraladi va tegishli organlarga vaziyatni hal qilish uchun samarali choralar ko‘rishni buyurdi. Afg‘onistonni boshqarayotgan toliblar* ham hujumlarni qoralab, ularni provokatsiya deb atadi va qo‘shma tergov ishlariga tayyorligini bildirdi.
Reuters agentligining xabar berishicha, Dushanbe Moskva va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) bilan Rossiya qo‘shinlarini Afg‘oniston bilan chegarani patrul qilish uchun joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Avvalroq, 2024 yil 28 noyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitida tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash bo‘yicha Maqsadli davlatlararo dastur tasdiqlangandi. O‘n yildan ortiq vaqt ichida tayyorlangan dastur besh yilga mo‘ljallangan va uch bosqichdan iborat. Taxminan bir yil davom etadigan birinchi bosqich ehtiyojlarni tahlil qilish va a’zo davlatlar tomonidan ajratiladigan resurslarni aniqlashni o‘z ichiga oladi. Chora-tadbirlarni amalga oshirish ikkinchi va uchinchi bosqichlarda boshlanadi. 2025 yil iyul oyida KXSHT kotibiyati Tojikiston chegarachilari uchun qurol-yarog‘ va texnikalarning aniq ro‘yxatini tasdiqladi, ularning yetkazib berilishi 2026 yilda boshlanishi kutilmoqda.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.

