O‘zbekiston Islom Sivilizatsiyasi Markazi (ITSM) direktori Firdavs Abduxoliqov Butunjahon islom olami uyushmasi (Muslim World League, MWL) Bosh kotibi Abdulkarim al-Issaning taklifiga binoan xizmat safari bilan Makkada bo‘ldi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Al-Issa bilan muzokaralar chog‘ida ITSM va MWL o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik, qo‘shma tadqiqotlar, manbalarni raqamlashtirish, xalqaro konferensiyalar va ko‘rgazmalar uyushtirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Uchrashuvdan so‘ng tomonlar strategik sheriklikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni keyingi bosqichga ko‘tarishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Abduxoliqov shuningdek, MWLning islom merosini raqamlashtirish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha manbalar va tadqiqotlarni global auditoriyaga yetkazishga qaratilgan yangi elektron platformasi taqdimotida ishtirok etdi. Taqdimotda ko‘plab xalqaro ilmiy va diniy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan



