Qozog‘istonda «vakolatli organ talablariga rioya qilmagan» onlayn platformalarga kirishni blokirovka qilishmoqchi. Ushbu qoida Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan taklif qilingan tuzatishlar loyihasida o‘rin olgan.
«Agar onlayn platformalarning egalari va/yoki qonuniy vakillari (vakillik idoralari) vakolatli organ ko‘rsatmalariga rioya qilmasa, vakolatli organ internet resurslari, onlayn platformalar va tezkor xabar almashish xizmatlariga kirishni cheklash qoidalariga muvofiq onlayn platformaga kirishni cheklaydi», — deyiladi nashr etilgan hujjatda.
Platformalar Madaniyat vazirligi iltimosiga binoan taqiqlangan materiallarni olib tashlashi, 5000 dan ortiq obunachisi bo‘lgan anonim akkauntlar haqida ma’lumot berishi va kontentni to‘g‘ri yorliqlashi lozim.
Xuddi shu loyihada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash ham taklif qilingan.
Mazkur ko‘rsatmalarning birortasiga rioya qilmaslik resursga kirishni cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Vazirlik o‘zining tushuntirish xatida ushbu qoida xavfsiz axborot muhitini yaratish va onlayn platformalardagi noqonuniy kontent hajmini kamaytirish uchun zarur ekanini ta’kidlaydi. Hujjat mualliflari uning qabul qilinishi budjet xarajatlarini talab qilmasligini va salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelmasligini ta’kidlaydilar.
«Shunday qilib, qonun loyihasining qabul qilinishi keng qamrovli ijobiy ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy samara berishi mumkin», — degan xulosaga keladi ular.
Bu Qozog‘iston Madaniyat vazirligi tomonidan turli platformalarga kirishni cheklash zarurligi birinchi marta muhokama qilayotgani yo‘q. Masalan, o‘tgan yili vazirlik odobsiz so‘zlar va shubhali mazmunni o‘z ichiga olgan videoroliklar tufayli TikTokni bloklash masalasini ko‘rib chiqqandi.



