KazTAG rahbariyatiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi

kaztag.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston telegraf agentligi (KazTAG) bosh direktori Asset Matayev va bosh muharrir Amir Kasenovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ular Freedom Finance tomonidan «kompaniya rahbariyati firibgarligiga oid nashrlari yuzasidan» bergan shikoyati asosida gumondor deb topildi, deya xabar beradi KazTAG.

Matayev va Kasenov 9 dekabr kuni so‘roq uchun politsiyada hozir bo‘lishlari kerak.

Xabarda aytilishicha, KazTAG tergov haqida 20 noyabr kuni ommaviy axborot vositalaridan xabar topgan va ishning o‘zi 18 avgust kuni qo‘zg‘atilgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya surishtiruv va ekspertizalarni bir necha oy davomida tahririyatga xabar bermasdan olib borgan. Advokat Yerlan Makenov tergovchilar agentlik rahbariyatiga ekspertiza bilan tanishishga o‘z vaqtida imkon bermagani holda Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi qoidalarini buzganini ta’kidlaydi.

O‘z navbatida, advokat Rena Kerimova KazTAG rahbariyati «belgilangan protseduralardan tashqari» gumondor sifatida topilganini aytadi. «Ularsiz ularni gumondor sifatida tan olinishi uchun bu kimsalar yashiringan yoki tergovdan qochib yurgan bo‘lishlari kerak, vaholanki Matayev ham, Kasenov ham tergovdan qochmagan», — deb ta’kidlaydi u.

Kursiv.kz nashri xabar berishicha, Matayev va Kasenovga qarshi qo‘zg‘atilgan ish ataylab yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan. Gap milliarder Timur Turlovning Freedom Finance kompaniyasida aldangan omonatchilar haqidagi nashrlar haqida bormoqda, kompaniya buni tuhmat va manipulyatsiya deb atagan.

KazTAG nashrlarning asosiy manbalaridan biri advokat Svetlana Oralbayeva bo‘lganini ta’kidlaydi, u omonatchilarning yo‘qotgan pullari, mablag‘lar offshorga yo‘naltirilgani, shuningdek, agentlikka murojaat qilgan bir nechta jabrlanuvchilar haqida gapirib bergan.

Agentlik shuningdek, jinoiy ish mamlakatda bo‘lajak prezidentlik saylovlari munosabati bilan qo‘rqitish maqsadida qo‘zg‘atilganini da’vo qiladi. Tahririyatga ko‘ra, bu ishga prezident administratsiyasi a’zolari va «eski Qozog‘iston» vakillari aloqador.