Reuters: Qozog‘iston KQK hujumga uchraganidan so‘ng Qashag‘an neftini Xitoyga jo‘natmoqchi

kaztransoil.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston dekabr oyida Atasu-Alashankou quvuri orqali Xitoyga taxminan 50 000 tonna Qashag‘an neftini jo‘natishni rejalashtirmoqda, bu bilan u asosiy eksport yo‘nalishi — Kaspiy quvuri konsorsiumi (KQK) tizimidagi hajmni boshqa yo‘nalishga yo‘naltiradi. Bu haqda Reuters agentligiga sohadagi ikki manba ma’lum qilgan.

Qozog‘iston Ukraina uchuvchisiz qayiqlari hujumi natijasida KQKning Qora dengiz terminalidagi bardoshli langar uskunalaridan biriga zarar yetkazilganidan so‘ng neft eksporti uchun muqobil yo‘llarni qidira boshladi. Qozog‘iston Energetika vazirligi Qashag‘an neftini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha darhol izoh bermadi, ammo Kaspiy neftini eksport qilish uchun qo‘shimcha yo‘llarni o‘rganayotganini tasdiqladi. «KQK dengiz terminalidagi hodisa eksportning to‘liq to‘xtatilishiga olib kelmadi... Qozog‘iston Energetika vazirligi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan birgalikda hozirda neft hajmlarini qayta taqsimlash ustida ishlamoqda. Muqobil eksport yo‘llaridan foydalanish kuchaytirildi», — deyiladi vazirlikning Reuters so‘roviga bergan yozma javobida.

Ilgari shikastlangan KQK terminali 11 dekabrgacha to‘liq quvvatga qayta olmasligi haqida xabar berilgan edi. Hozirda uning uchta bardoshli langar uskunalaridan faqat bittasi ishlamoqda (BLU-2 hujum natijasida ishdan chiqqan va BLU-3 ga noyabr oyi o‘rtalaridan beri texnik xizmat ko‘rsatilmoqda).

Atasu-Alashankou magistral neft quvuri «Qozog‘iston Xitoy quvuri» (QXQ) kompaniyasiga tegishli. Bu «Kaztransoyl» (50%) va China National Oil and Gas Exploration and Development Company Ltd. (50 %) qo‘shma korxonasi hisoblanadi. Quvur Qozog‘istonni Xitoyning Shinjon hududi bilan bog‘laydi. Odatda unga boshqa konlardan xom neft yo‘naltiriladi. Qashag‘an neftni asosan Novorossiyskdagi KQK terminali orqali eksport qiladi.

Hozirda Atasu-Alashankou quvuri Xitoyga oyiga o‘rtacha 85 000 — 86 000 tonna xom neft yetkazib beradi. Qozog‘iston bu yil ushbu yo‘nalish orqali 1 million tonna neft jo‘natishni rejalashtirgan edi, 2024 yili bu ko‘rsatkich 1,2 million tonna edi.