O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda joriy yil 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi, deya aniqlik kiritadi davlat rahbari matbuot xizmati.
Dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani ta'kidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta'minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Halmuhamedov prezidentga qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta'minlash, harbiy-ma'muriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini o‘rganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, qo‘shinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qo‘llash zarurligi qayd etildi.
Natijada harbiy-ma'muriy sohalar, poligonlar, ta'lim muassasalari va moddiy-texnika ta'minoti infratuzilmasini bugungi kun talablari asosida modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Prezident Mudofaa vazirligiga harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yig‘ilish yakunida Mirziyoyev Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.



