O‘zbekistonda AES xodimlari uchun mo‘ljallangan monoshahar hududi ikki baravarga kengaytiriladi

O‘zbekistondagi AES loyihasi. sputniknews.uz sayti fotosurati

Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi (AES) xodimlari uchun qurilishi rejalashtirilayotgan atomchilar shaharchasining maydoni 100 gektardan 200 gektargacha kengaytiriladi. Tegishli loyiha 2 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi va uning ma’qullovini oldi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

200 gektarlik hududda qariyb 33 ming nafar aholiga mo‘ljallangan 10 mingta xonadondan iborat energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. Birinchi bosqichda 3 mingta xonadon qurish rejalashtirilgan.

Maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat obyektlari binolari ham energiyaviy tejamkor bo‘ladi. Qurilish jarayonida zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi texnologiyalari, muqobil energiya manbalari va «aqlli» yoritish tizimlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, umumiy qiymati 9,5 milliard dollarga baholanayotgan integratsiyalashgan AES loyihasi 2026 yil 4 iyunda faol qurilish bosqichiga kirgan. Hozirgi vaqtga kelib reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlangan, 1 million kub metrdan ortiq tuproq chiqarildi. Fundament plitasi uchastkasida 916 kub metr beton yotqizilgan. Qurilish-montaj bazasi hududida 100 gektar maydonda yer ishlari bajarilgan. Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis, shuningdek, 100 dan ortiq maxsus texnika vositasi ishlamoqda.

Prezident loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini yetarli emas, deb hisobladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 21 foizni (1,9 milliard dollar) tashkil etadi. U ushbu ko‘rsatkichni kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarilishini ta’minlash hamda 7000 nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Buning uchun Forish tumanidagi 200 gektar yer maydonida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi. U yerda kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda. Mirziyoyev yil yakuniga qadar zona ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini berish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni topshirdi.

Qurilish sifati va xavfsizligi so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi, barcha ishlar Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) talablari va xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, 2026 yil 22–26 iyun kunlari XAEAning kompleks baholash missiyasi bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish darajasi yuqori baholangan.

Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasini yaratish doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, kuchlanishi 110 kilovolt bo‘lgan podstansiya, ichimlik suvi uchun 21 kilometr va texnik suv ta’minoti uchun 120 kilometr quvur tarmoqlari, shuningdek, 39,5 kilometr avtomobil va 11 kilometr temir yo‘l quriladi. Davlat rahbari ushbu obyektlarni qurishda mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foiz darajasida ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Loyihani boshqarishni takomillashtirish, texnik nazoratni kuchaytirish va texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan o‘tkazish maqsadida yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, milliy tizimga moslashtirish va sohaviy standartlarning qariyb mingtasini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

«O‘zatom» agentligi va AES qurilishi direksiyasi vazifalarining kengayishini hisobga olgan holda, ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Stansiyani kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni maqsadli tayyorlash ishlarini hozirdan boshlash zarurligi ta’kidlandi.

2023 yildan buyon Rossiya Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 216 nafar talaba tamomladi. Ulardan 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreya Respublikasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining magistratura va doktorantura dasturlarida tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

ℹ️ O‘zbekistondagi birinchi AES Jizzax viloyati Forish tumanida, Tuzkon ko‘li yaqinidagi qariyb 525 gektar maydonda qurilmoqda. Loyiha Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. U har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorlari bilan jihozlangan ikkita kichik energoblok va VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita yirik energoblok qurilishini nazarda tutadi. Majmuaning umumiy quvvati 2,1 GVtni tashkil etadi. Energobloklarni ishga tushirish 2029–2035 yillarga rejalashtirilgan.

2035 yilga kelib stansiya yiliga 15,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistondagi hozirgi umumiy elektr energiyasi iste’molining taxminan 15 foiziga teng.

AESning birinchi energobloki qurilishiga 2026 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ishtirokida start berildi. Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi AES qurilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.