2026 yil 5 mart kuni «Farg‘ona»da uzoq vaqtdan beri ishlagan va agentligimizning O‘zbekistondagi maxsus muxbiri Andrey Kudryashov kuchli yurak xurujidan so‘ng Toshkentda to‘satdan vafot etdi. «Farg‘ona» tahririyati bu judolikdan chuqur qayg‘uga cho‘mdi va marhumning oilasi va do‘stlariga hamdardlik bildiradi.
* * *
Andrey Anatolevich Kudryashov ko‘p yillar davomida «Farg‘ona» axborot agentligida ishladi, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha malakali jurnalist va fotojurnalist edi. 2000-yillarning boshlaridan beri u agentligimizning doimiy xodimi bo‘lib, yigirma yil davomida yuzlab reportajlar tayyorladi va ularda mintaqa hayotini — siyosat va ijtimoiy jarayonlardan tortib, kundalik hayot va madaniy tadbirlarga qadar tizimli ravishda hujjatlashtirib bordi.
Andrey Kudryashovning asosiy quroli — reportaj fotografiyasi bo‘lib, u undan O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni hujjatlashtirish uchun foydalandi. Uning Toshkent, Farg‘ona vodiysi, viloyat shaharlari va tog‘li hududlar haqidagi fotohikoyalari postsovet o‘zgarishlari, an'anaviy turmush tarzi va yangi shahar ritmlari bir-biriga bog‘langan makonning vizual xronikasini shakllantirdi. Aynan uning fotosuratlari ko‘plab «Farg‘ona» o‘quvchilari uchun Markaziy Osiyodagi kundalik hayotga oid ilk tasavvurlarini shakllantirdi.
Uning ijodi izchil ichki mantiq bilan ajralib turardi: u bozorlarga, shahar festivallari va ommaviy bayramlarga, rassomlar va fotosuratchilar ko‘rgazmalariga va jamiyat o‘zini ochiq va tabiiy ravishda ifoda etadigan joylarga borardi. Kudryashov ishlarida ko‘cha manzaralari va landshaftlar shunchaki illyustratsiyalar emas, balki ijtimoiy o‘zgarishlar, tabiatga munosabat va odamlar, shahar va mintaqa o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hikoyalar edi. Uning reportajlari ko‘pincha bu o‘lka bilan tanish bo‘lmagan keng xalqaro auditoriya uchun murakkab mavzularga kirish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida yashab, ijod qilgan Kudryashovda mahalliy jurnalist uchun juda muhim bo‘lgan mahorat shakllandi: lokal kontekstni bilish, tafsilotlarga e'tibor berish va matn va tasvir kesishmasida ishlash qobiliyati. U chop etgan materiallar O‘zbekistonga oid taqchil ma'lumotlar bo‘shlig‘ini to‘ldirishga yordam berardi, o‘quvchilarga tashviqot ritorikasidan xoli bo‘lmish tasdiqlangan ma'lumotlar va vizual materiallarni taqdim yetardi.
Biz uning maqolalari va fotosuratlarini O‘zbekiston va unga qo‘shni mamlakatlarning yaqin tarixini hujjatlashtirishga qo‘shilgan juda katta hissa deb bilamiz.
▫️Andrey Kudryashovning «Farg‘ona» uchun maxsus yozgan eng ajoyib asarlaridan biri mahalliy halq an'analari, ziyorati bilan bog‘liq o‘ttizdan ortiq «O‘zbekistonning muqaddas qadamjolari»ga bag‘ishlangan ocherklar turkumi bo‘ldi.
O‘zbekiston jug‘rofiyasi, tarixi, madaniyati va an'analariga oid keng bilimga ega Andrey o‘zi tug‘ilib, butun umri davomida yashagan Chilonzorni chin dildan sevardi va o‘z reportajlarida uni kuylardi.
Biz Andreyni nafaqat nashrlari uchun, balki uning saxovatpeshaligi, hazilkashligi va ko‘pgilik nigohidan yashirin bo‘lgan oddiy narsalarni ko‘ra bilish, ilg‘ay olish qobiliyati uchun ham eslab qolamiz. Biz uchun u doimo yaqin do‘st va sodiq hamkasb bo‘lib qoladi.
Alvido, Andrey...
-
04 mart04.03Dyurand chizig‘idagi dahshatli voqealarPokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ochiqchasiga urush global xavfsizlikka tahdid solishi mumkin -
01 mart01.03Oyatulloh Ali Xomanaiy oʻlimiAQSh va Isroil oyatulloh hukumatini kuch bilan agʻdarish niyatida Eronga hujum qilishdi -
25 fevral25.02Toliblar qullik va zulmga qonuniy tus berdilarAfg‘onistonning yangi jinoyat-protsessual kodeksi odamlarni sinflarga ajratadi va insonni sudsiz o‘ldirishga izn beradi -
16 fevral16.02Olovli, qizil va go‘zalQanday qilib ot xitoyliklar tavimida bebaho hayvonga aylangani haqida -
10 fevral10.02FotoRanglardagi qoraqalpoq jilosiToshkentda Saidbek Sobirboyevning «Xotira bezaklari» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda -
06 fevral06.02Qadim Toshkent «muhofizi» vafot etdiMashhur o‘lkashunos va O‘zbekiston tarixi targ‘ibotchisi Boris Anatolevich Golender olamdan o‘tdi





