O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi

japan.kantei.go.jp sayti fotosurati

O‘zbekiston va Yaponiya ikki tomonlama munosabatlari kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Bu omil O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanaye Takaichi o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng Tokioda imzolangan qo‘shma bayonotda muhrlandi.

Muzokaralar davomida barcha muhim sohalarda O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini mustahkamlash va chuqurlashtirish batafsil muhokama qilindi. Savdo aylanmasi, investitsiyalar hajmi va Yaponiya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining barqaror o‘sishi qayd etildi. O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan kompaniyalar qatorida Sojitz, Toyota Tsusho, Sumitomo, Itochu, Kyoto Plaza, Balcom va Shikoku Electric qayd etildi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (Japan International Cooperation Agency, JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (Japan Bank for International Cooperation, JBIC) bilan qo‘shma loyihalar energetika, neft-kimyo, transport, ta’lim va qishloq xo‘jaligini qamrab oladi. Sammitga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi loyihalar portfeli shakllantirildi. Ularni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasi taklif qilindi.

Tomonlar «yashil» energiya, raqamli texnologiyalar, muhim minerallarni qazib olish, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi. Samarqand viloyatida yapon modeli asosida maxsus iqtisodiy zona yaratish va qo‘shma «Bir qishloq – bitta mahsulot» dasturini kengaytirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralarda parlamentlardagi «do‘stlik guruhlari», iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Gumanitar sohasida ta’lim, fan va madaniyat doirasida almashinuvlarni faollashtirishga qaror qilindi. O‘zbekistonda O‘zbekiston – Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi markazi faoliyat yuritmoqda va mamlakatdagi yettita universitetda yapon tili o‘qitiladi. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, o‘zbek tili o‘rganilmoqda.

Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi davomida bir qator hujjatlar, jumladan, oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim va Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Kelishuvda shuningdek, ta’lim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya, innovatsiya konsorsiumi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida kelishuvlar to‘plami qabul qilindi. Ushbu kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi.

Tashrif davomida O‘zbekiston prezidenti shuningdek, Imperator Naruxito, parlament rahbariyati, Do‘stlik ligasi a’zolari, Yaponiya hukumati vakillari, Nara meri va yetakchi universitetlar rektorlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar siyosiy, iqtisodiy, investitsiya, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qilishdi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari, moliya institutlari rahbarlari bilan biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Mirziyoyev shuningdek, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi va u yerda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdi; uchrashuv natijasida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.

Bundan tashqari, Tokioda san’at ustalarining konserti, «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.