Rossiya armiyasida xizmat qilgan ikki O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtida ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi

tvzvezda.ru sayti fotosurati

Yana ikki O‘zbekiston fuqarosi Rossiya armiyasida xizmatdan qaytganidan so‘ng o‘z yurtida sudlandi. Bu haqda UzNews.uz Farg‘ona va Navoiy viloyatlari sudlari hukmlariga tayanib xabar berdi.

Yollanish moddasi bilan ayblangan 49 yoshli farg‘onalik L.S.ning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudida ko‘rib chiqildi. Ish materiallariga ko‘ra, u 2023 yil may oyida pul topish uchun Rossiyaga ketgan, ammo ishlash ruxsatnomasini ololmagan. Shunda u harbiy komissariatga murojaat qilgan, uni harbiy qismga yuborishgan. U yerda o‘zbekistonlik shartnoma imzolagan va 70 000 rubl olgan. Shundan so‘ng uni «Kamenka» harbiy qismiga o‘tkazishgan. U qo‘shimcha 50 ming va 170 000 rubl olgan va keyinchalik oyiga 150 000 rublgacha olgan. Nashrning yozishicha, o‘zbekistonlik erkakka «migratsiya kartasi va viza hujjatlari, shuningdek, 420 dollar va 45 000 rubl miqdorida naqd pul berilgan».

«Kamenka»da unga oddiy askar unvoni va harbiy forma berilgan, so‘ng jangovar zonaga jo‘natilgan. 2023 yil 27 iyuldan boshlab u Rossiya Qurolli Kuchlari bo‘linmalarida, jumladan, Lugansk viloyatida jangovar operatsiyalarda qatnashgan. Hukmda u o‘t ochib qo‘llab-quvvatlash vazifalarini bajargani va jangovar to‘qnashuvlarda qatnashgani qayd etilgan.

Xizmat davomida erkak bir necha bor turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan, jumladan, artilleriya humida snaryad parchalari bilan jarohatlangan. Davolanishdan so‘ng u jang zonasiga qaytgan. 2024 yil iyun oyida yana yaralanganidan so‘ng, L.S. sog‘lig‘i sababli safdan chiqarilgan va sentyabr oyida O‘zbekistonga qaytgan.

Sudda u o‘z aybini tan olgan va pushaymon bo‘lganini, oilasining, jumladan, rafiqasi, voyaga yetmagan farzandi va talaba o‘g‘lining yagona boquvchisi ekanini aytgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi va uch yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi Xatirchi tumanida tug‘ilg‘an 28 yoshli S.S. ishi bo‘yicha ham shunga o‘xshash hukm chiqardi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2021 yili Rossiyaga ishlagani ketgan va 2025 yil aprel oyida Rossiya Qurolli Kuchlari bilan bir yillik shartnoma imzolagan.

O‘qotar qurollar, portlovchi moddalar va dronlardan foydalanish bo‘yicha harbiy tayyorgarlikni tugatgandan so‘ng, S.S. Lugansk viloyatiga yuborilgan. U yerda yigit dron hujumi paytida jarohat olgan. Kasalxonada davolangandan so‘ng O‘zbekistonga qaytib kelgan va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Ekspertiza uning o‘rtacha og‘ir tan jarohatlari olganini tasdiqlagan.

Sud majlisida S.S. o‘z aybini tan olgan va qiyin hayot sharoitida qolganini aytgan. Sud uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha tasniflagan va yengillashtiruvchi holatlarni — aybini tan olgani, pushaymon bo‘lgani va kichik farzandi borligini hisobga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan, bu modda ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutmaydi.

Sud S.S.ga to‘rt yilga ozodlikni cheklash, yashash joyidan ruxsatsiz chiqib ketishni taqiqlash va bir qator qo‘shimcha cheklovlarni tayinlagan.

ℹ️ «Farg‘ona» O‘zbekistonda yollanish moddasi bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilayotgani haqida bir necha bor yozgan. Ayrim sudlanganlar qamoq jazosini olishgan, ayrimlari ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. Shu yilning noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati 2022 yildan beri O‘zbekistonda fuqarolarning xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etganiga doir 338 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi.