Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida 200 dan ortiq xodim ishlaydi

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi. ITSM matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirokida xodimlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda Markaz kutubxonasini loyihalash, avtomatlashtirish tizimi va fondni to‘ldirish masalalari muhokama qilindi. Ochiq auktsion savdolari orqali mamlakat tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasiga oid qo‘shimcha 5 ming dona kitob sotib olish taklifi bildirildi. Bugungi kunda kutubxona fondi 30 ming nusxadan ortiq asarlardan iborat.

Kutubxonani shakllantirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda: topshirilayotgan noyob nashrlarni joylashtirish va kitoblar xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari, xususan, RFID texnologiyasi asosida chiplarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Umida Teshaboyeva Markaziy kutubxonani tashkil etishga eng kuchli mutaxassislar jalb etilganini ta'kidladi. Koha dasturi yordamida kutubxonani avtomatlashtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, xabar qilinishicha, Markaz kutubxonasi ishiga jalb etiladigan xodimlar soni 200 nafardan oshadi.

Shuningdek, Markazning xabar berishicha, yaqin kunlarda kutubxona bo‘limi mas'ullari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ilmiy va innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.