Surxondaryo viloyatida Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1000 gektar maydonda quyosh energiyasi bilan isitiladigan issiqxonalar quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevralь kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma'lum qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
«Quyosh» issiqxonalarini qurishni o‘z zimmasiga olgan tadbirkorlarga yer 5 yilga bepul ijaraga beriladi va ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod qilinadi.
Bu qaror Surxondaryoning iqlim sharoiti tufayli qabul qilindi: bu yerda issiqxonadan mahsulot olish O‘zbekistonning boshqa hududlariga qaraganda ikki-uch baravar arzonga tushadi. Viloyatdagi 35 ming gektar xususiy tomorqalarda yiliga uch-to‘rt marta hosil yig‘ib olinadi — bu mamlakat uchun noyob ko‘rsatgichdir.
Prezident Termiz tumanidagi «Tomorqa maktabi»ning ijobiy tajribasini butun Surxondaryoga yoyish vazifasini o‘rtaga qo‘ydi. Shu munosabat bilan Angor, Uzun, Denovda ham «Tomorqa maktablari»ni tashkil etish, har bir viloyatda 2 tadan «Innovatsion tomorqa maktablari»ni ishga tushirish topshirildi.
Mirziyoyev viloyatda foydalanilmay turgan yana bir katta imkoniyat — yaylovlar ekanini ta'kidladi. Jumladan, Boysunda 197 ming gektar yaylov borligi, agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish imkoni mavjudligi aytildi.
Zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun boshlang‘ich narx normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auktsionga chiqarilishi ta'kidlandi. Auktsiondan yer olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratilishi, har o‘n gektarga suv olib kelish uchun 120 million so‘mgacha (taxminan 10 000 dollar) subsidiya beriladi.
ℹ️ Almeriya — Ispaniyaning janubi-sharqidagi qurg‘oqchil iqlim va minimal yog‘ingarchilikka ega bo‘lgan viloyatidir. Yopiq sabzavot yetishtirish tizimlari bilan tajribalar bu yerda 1960-yillari boshlangan. Mo‘l quyosh nuri, yumshoq iqlim va innovatsion sug‘orish usullarining uyg‘unligi issiqxonalarni tezda mahalliy iqtisodiyotning o‘zagiga aylantirdi.
Bugungi kunda mintaqaning issiqxona maydoni 30 000 gektardan oshadi — bu Yevropadagi eng katta himoyalangan qishloq xo‘jaligi zonasi. Issiqxonalar hatto kosmosdan ham ko‘rinib turadi, shuning uchun bu o‘lka «Plastik dengizi» nomini olgan. Ishlab chiqarish yil davomida tomchilatib sug‘orish, biologik zararkunandalarga qarshi kurash va mikroiqlimni nazorat qilish usullaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Mahsulotlar Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya va Skandinaviya mamlakatlariga eksport qilinadi.



