2025 yili Turkiyada hibsga olingan noqonuniy migrantlar orasida O‘zbekiston fuqarolari uchinchi o‘rinni egallagan. Bu haqda Turkiya Migratsiya Bosh boshqarmasi (MBB) rasmiy statistikasida so‘z yuritilgan.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, 2025 yili Turkiya rasmiylari tomonidan 13 683 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan. Bir yil oldin, 2024 yili bu ko‘rsatkich 11 521 nafarni tashkil etgan bo‘lib, O‘zbekiston reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagandi.
O‘sish 2022 yildan beri davom etmoqda. 2021 yili 4817 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan bo‘lsa, keyingi yili bu ko‘rsatkich 7553 nafarga yetgan. 2026 yil boshidan beri Markaziy Osiyo respublikasining 1437 nafar fuqarosi qo‘lga olingan.
Reytingdagi eng yuqori ikki o‘rinni an'anaviy ravishda Afg‘oniston va Suriya fuqarolari egallab kelgan, ammo ularning soni sezilarli darajada kamaygan. 2025 yili Turkiya rasmiylari 44 157 nafar afg‘onistonlik va 22 515 nafar suriyalikni hibsga olgan. Taqqoslash uchun, 2024 yili bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 65 815 va 50 641 kishini tashkil etgan.
Umumiy noqonuniy migratsiya statistikasiga Turkmaniston, Eron, Iroq, Misr, Marokash, Sudan va Jazoir fuqarolari ham kiritilgan. 2022 yildan beri Turkiyadagi eng ko‘p noqonuniy migrantlar uchligiga kirgan turkmanlar 2025 yili 10 984 kishi hibsga olingan holda to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan.
Turkiyada noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha reydlar 2023 yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng kuchaydi va doimiy ravishda davom etmoqda. Istanbul kabi yirik shaharlarda har kuni tekshiruvlar o‘tkazilmoqda, ular davomida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari o‘nlab chet elliklarni keyinchalik deportatsiya qilish uchun hibsga olishmoqda.
Yanvarь oyi oxirida O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi 2026 yil 1 martdan boshlab Turkiyada kamida uch yil doimiy yashagan O‘zbekiston fuqarolariga avtomatik ravishda mamlakatda ishlash uchun ruxsatnomalar berilishini e'lon qildi.



