Qirg‘iziston terma jamoasining sobiq ustozi, uzoq yillar «Dordoy»ni boshqargan Boris Petrovich Podkoritov 78 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda «Dordoy» FK matbuot xizmati xabar berdi.
«Ushbu motam kunida biz Boris Petrovichning oila a'zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz», — deyiladi xabarda.
Boris Podkoritov futbolchilik faoliyatini Moskvaning «Lokomotiv» klubida boshlagan va Mexiko shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun Sovet Ittifoqining eksperimental terma jamoasiga taklif qilingan. 1970 yili futbolchi Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tadi va u yerda «Alga» jamoasida o‘ynaydi. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, murabbiylik faoliyatini boshlaydi. U «Alga2, Jazoirning «Oran», Qozog‘istonning «Qaynar», va «Jetisu» klublari hamda Qozog‘iston va Qirg‘iziston terma jamoalarida ishlagan. Keyin «Dordoy»ni boshqargan va u bilan ikki marta OFK prezidenti kubogini qo‘lga kiritgan. 2008-2022 yillari «Dordoy» bosh direktori lavozimida ishlagan.
Murabbiy bilan xayrlashuv marosimi juma kuni soat 11:00da Bishkekdagi «Dordoy» sport majmuasi hududida (Abdrahmonov ko‘chasi, 230/2) bo‘lib o‘tadi.



