Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi parlament deputatlarining yollanma askarlikka oid jazolarni yumshatish taklifidan so‘ng qonunchilikka kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarni ishlab chiqishda ishtirok etishga tayyor. Bu haqda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilov Senatda ma'lum qildi, deb xabar beradi Bes.media.
«Biz Majilis a'zolari (parlamentning quyi palatasi – tahr.izohi) bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Biz ushbu takliflarni ko‘rdik, ular asosli va mantiqqa ega. Ishonchim komilki, Ichki ishlar vazirligi ham qonunchilik jarayonida ishtirok etadi», — dedi Sanjar Adilov ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Jinoyat kodeksining 170 va 172-moddalari – «Yollanish» va «Xorijiy qurolli mojarolarda ishtirok etish» bilan bog‘liq masalalar Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakolatiga kiradi va vazirlik ular bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermaydi.
Majilisning avvalgi yalpi yig‘ilishida deputat Jarkinbek Amantayuli xorijiy mojarolarda ishtirok etgan qozog‘istonliklarga nisbatan jazolarni yumshatishni taklif qilgan edi. Bosh vazir Oljas Bektenovga yo‘llagan iltimosida deputat buning bitta shart bilan amalga oshirilishi mumkinligini ta'kidladi: agar tegishli fuqarolar terrorchi tashkilotlar a'zosi bo‘lmasa va o‘z ixtiyori bilan uyga qaytishga tayyor bo‘lsa. Shuningdek, u bunday harakatlarda ayblanganlarni ijtimoiy va psixologik reabilitatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yili 26 nafar qozog‘istonlik chet eldagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etgani uchun sudlangan.
Qozog‘istonning amaldagi Jinoyat kodeksidagi yollanma askarlik moddasi bo‘yicha maksimal jazo umrbod qamoq jazosini nazarda tutadi. 172-modda bo‘yicha eng kam jazo besh yil, 170-modda bo‘yicha esa yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.



