O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni ish tashlashlarni e’lon qilish, o‘tkazish va tugatish tartibini birinchi marta qonunchilik darajasida batafsil tartibga soluvchi, shuningdek, mazkur normalarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilaydigan qonunni imzoladi.
Hujjatga muvofiq, Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksi, Mehnat kodeksi, shuningdek «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida» va «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonun rasman e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi moddaga ko‘ra, ish tashlash — bu xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishdan vaqtinchalik, ixtiyoriy va jamoaviy tarzda to‘liq yoki qisman bosh tortishi hisoblanadi. Bunday harakatning maqsadi xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish hamda ish beruvchi bilan yuzaga kelgan jamoaviy mehnat nizosini hal etishdan iborat.
Jamoaviy mehnat nizosini hal qilish bo‘yicha yarashtirish va vositachilik tartib-taomillari natija bermagan taqdirda mehnat jamoasi ish tashlash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ish beruvchi mazkur tartib-taomillarda ishtirok etishdan bosh tortsa yoki erishilgan kelishuvlarni bajarmasa ham ish tashlashga ruxsat beriladi.
Ish tashlashda ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi.
Ish tashlash haqidagi qaror uning boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinishi lozim.
Qaror kasaba uyushmasi qo‘mitasining taklifi asosida tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qabul qilinadi. Yig‘ilishda kamida xodimlarning yarmi ishtirok etishi, qarorni esa qatnashchilarning kamida 50 foizi qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Qarorda ish beruvchi bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar ro‘yxati, ish tashlash boshlanadigan sana, vaqt va joy, shuningdek ish tashlash rahbari va uning vakolatlari ko‘rsatilishi shart.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi qaror qabul qilinganidan keyin bir ish kuni ichida ish beruvchini yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Ish beruvchi esa shu muddatda jamoaviy mehnat nizolarini hal qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlarini xabardor qiladi.
Ish tashlash rahbari kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayinlanadi. U xodimlar yig‘ilishini chaqirish, ish beruvchidan zarur ma’lumotlarni talab qilish, mutaxassislarni jalb etish hamda ishtirokchilarning yarmidan ko‘pining roziligi bilan ish tashlashni vaqtincha to‘xtatib turish huquqiga ega.
Shu bilan birga, u Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishini ta’minlashi, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish choralarini ko‘rishi hamda yolg‘on ma’lumot tarqatmasligi shart.
Qonun ish tashlash ishtirokchilari uchun bir qator kafolatlarni ham belgilaydi. Ish tashlashda qatnashish xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi. Aksiya davomida xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi, ammo ish haqi to‘lanmasligi mumkin.
Qonunda ish tashlash o‘tkazishga doir cheklovlar ham belgilangan.
Favqulodda holat, favqulodda vaziyat, urush sharoiti yoki umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash o‘tkazish taqiqlanadi.
Tibbiyot xodimlari, harbiy xizmatchilar, sudyalar, energetika va suv ta’minoti tizimi xodimlari, aloqa sohasi xodimlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ish tashlashlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan sohalarda — energiya va suv ta’minoti, transport, aloqa, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot hamda uzluksiz ishlab chiqarish korxonalarida — zarur minimal ishlar yoki xizmatlar ta’minlanmasa, ish tashlash noqonuniy deb topiladi. Bunday ishlar va tashkilotlar ro‘yxatini hukumat qonun rasman e’lon qilinganidan keyin uch oy ichida belgilaydi.
Agar ish tashlash insonlar hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirsa, sud uning boshlanish muddatini kechiktirishi yoki boshlangan ish tashlashni ko‘pi bilan 30 kalendar kunga to‘xtatib turishi mumkin. Sud qarori darhol ijro etilishi shart.
Quyidagi holatlarda ish tashlash tugatiladi: tomonlar o‘rtasida yozma kelishuvga erishilganda; ish beruvchi kelishmovchiliklarni bartaraf etganda; sud ish tashlashni noqonuniy deb topganda ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi uni bekor qilish tarafdori bo‘lganda. Ish tashlash tugaganidan keyin xodimlar keyingi ish kunidan kechiktirmay ishga qaytishlari shart.
Qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, taqiqlangan ish tashlashda ishtirok etganlik uchun 3 dan 7 tagacha bazaviy hisoblash miqdori (BHM), bunday ish tashlashga rahbarlik qilganlik uchun esa 10 dan 15 tagacha BHM miqdorida jarima belgilanadi. Shaxsni ish tashlashda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majburlash 15 dan 30 BHMgacha, qaram shaxsga nisbatan sodir etilsa esa 30 dan 50 BHMgacha jarimaga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan 218¹-moddaga muvofiq, noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etishga majburlash uchun, agar bu harakatlar uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, 100 dan 300 BHMgacha jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Agar bunday harakatlar yirik zararga, inson o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jazo ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.
Qonun bilan taqiqlangan ish tashlashlarga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etishga majburlash uchun alohida javobgarlik belgilangan. Bu holatlarda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Agar mazkur harakatlar inson o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jazo muddati besh yildan o‘n yilgacha bo‘lishi mumkin.
ℹ️ Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 10 sentyabrda qabul qilingan va Oliy Majlis Senati tomonidan 2026 yil 8 aprelda ma’qullangan. Hujjat muqaddimasida qayd etilishicha, u fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.



