Qirg‘izistonlik siyosatchilar «xitoyga qarshi kayfiyat» qo‘zg‘atish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirildi

Dayirbek O‘runbekov. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Qirg‘iziston Prezidenti administratsiyasining axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek O‘runbekov siyosatchilarni jamiyatda ksenofobiyani qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda millatlararo adovatni qo‘zg‘atuvchi postlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirilmoqda. Bu haqda amaldor o‘zining Facebook sahifasida yozdi.

O‘runbekov internetda tarqatilayotgan ishonchsiz ma’lumotlarga misol keltirib, bunday axborotlarni, uning so‘zlariga ko‘ra, «prezident bo‘lishni orzu qilayotgan siyosatchilar» tarqatayotganini aytdi. Xususan, ular respublika hukumatini «Xitoy mamlakatga bostirib kirdi», «yerlar sotilmoqda», «tashqi qarz oshib bormoqda» kabi da’volar bilan obro‘sizlantirishga urinmoqda.

Prezident administratsiyasi matbuot xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, avvallari soxta xabarlarni muxolifatdagi «Butun Qirg‘iziston» partiyasi yetakchisi Adaxan Madumarov, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faollari tarqatgan bo‘lsa, endi bu ro‘yxatga «Qamchibek Tashiyev jamoasi» ham qo‘shilgan.

«Agar hozir to‘xtamasangiz, yaqin orada yetakchilaringiz bilan birga hibsga olinasiz. <…> Yolg‘on ma’lumot tarqatish va millatlararo adovatni qo‘zg‘atganlik uchun javobgarlikka tortilib, qamalasiz», — deya ogohlantirdi O‘runbekov.

Uning ta’kidlashicha, Prezident administratsiyasi huzuridagi Vaziyatlar markazining monitoring bo‘limi jamiyatda ksenofobiyani qo‘zg‘atish uchun foydalanilayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni aniqlamoqda. Shuningdek, bunday foydalanuvchilar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ish olib bormoqda.

Amaldorning aytishicha, obro‘sizlantirishga qaratilgan postlarga qaramay, temir yo‘l (ehtimol, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li nazarda tutilgan) baribir qurib bitkaziladi, zavodlar esa barpo etiladi. Chunki «biz sanoati rivojlangan, iqtisodiyoti kuchli, ish haqi va ijtimoiy imtiyozlari yuqori bo‘lgan mamlakatda yashashimiz kerak».

Bir necha kun avval Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Kabar» axborot agentligiga intervyu berdi. Suhbat deyarli to‘liq mamlakat hokimiyatining xorijiy investorlar va chet ellik ishchilar bilan munosabatlariga bag‘ishlandi. Davlat rahbari, jumladan, Yer kodeksida yer uchastkalarini xorijiy kompaniyalarga uzoq muddatli ijaraga berishga oid me’yorni izohladi. Japarovning ta’kidlashicha, qonunga muvofiq, chet el fuqarolari yer uchastkasini mulk qilib sotib olishi mumkin emas. Ular faqat belgilangan muddat davomida yerdan foydalanish, ijara haqini to‘lash va shartnomaning boshqa shartlariga rioya qilish huquqiga ega. Yer esa davlat mulki bo‘lib qolaveradi, dedi prezident.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda Qirg‘izistonga xorijdan yangi zavodlar qurilishi va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan mutaxassislar hamda ishchilar kelmoqda. Japarov «vaziyat nazoratdan chiqib ketgan» degan fikrga qo‘shilmaydi. Aksincha, uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya siyosati sohasida qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Masalan, so‘nggi oylarda qonunni buzgan qariyb uch ming nafar xorijiy fuqaro respublikadan chiqarib yuborilgan. Yaqin vaqt ichida yana 100 nafar chet ellik deportatsiya qilinishi kutilmoqda.

«Albatta, jamiyat tomonidan bildirilayotgan tanqidlar asossiz emas. Ayrim holatlarda xorijiy fuqarolarning xatti-harakatlari mahalliy aholida haqli norozilik uyg‘otgan. Biz bu fikr-mulohazalarni diqqat bilan tinglaymiz va tegishli choralarni ko‘ramiz», — deya xulosa qildi prezident.

Davlat rahbari alohida yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasiga ham to‘xtalib, ular ham doimiy yashash uchun emas, balki muayyan vazifalarni hal qilish uchun kelayotganini ta’kidladi. Japarov Bishkek shahrida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishi misolini keltirdi. U yerda 500 nafar xitoylik muhandis mehnat qilgan. Obyekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng, xorijliklarning asosiy qismi o‘z vataniga qaytgan. Hozir esa bu yerda Xitoydan kelgan besh nafar mutaxassis ishlab, mahalliy xodimlarga ta’lim bermoqda.

Bundan tashqari, respublika rahbari «mehnat muhojirlari» va «sayyohlar»ni aralashtirib yubormaslikka chaqirdi, chunki birlari pul ishlash uchun, boshqalari esa pul sarflash uchun keladi. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yarim yil ichida Qirg‘izistonga Xitoy turistik vizalari orqali 370 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan. Agar har bir mehmon o‘rtacha 500 dollar sarflaganini hisobga olinsa, faqat turizm sohasiga — mehmonxonalar, kafelar, restoranlar va transport xizmatlariga — 180 million dollardan ortiq mablag‘ kelib tushgan. Prezident ta’kidlashicha, bu mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalliy tadbirkorlar daromadiga aylangan.