BMT ekspertlari Qirg‘izistonni jinsni o‘zgartirishni taqiqlashga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqmaslikka chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir guruh mustaqil ekspertlari Qirg‘iziston parlamentini jinsni o‘zgartirish va gender identifikatsiyasini huquqiy tan olishni taqiqlovchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdan bosh tortishga chaqirdi. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi xabar berdi.

Ekspertlar taklif etilayotgan o‘zgartishlar transgender va gender jihatidan xilma-xil bo‘lgan insonlarga nisbatan davlat tomonidan kamsitishga olib kelishi, shuningdek, ularning asosiy huquq va erkinliklarini sezilarli darajada cheklashi mumkinligidan chuqur xavotir bildirdilar.

BMT vakillarining bayonotiga Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) tomonidan «Qirg‘iz Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining birinchi o‘qishda qabul qilinishi sabab bo‘ldi. Parlament spikeri Marlen Mamataliyev va bir guruh deputatlar tashabbusi bilan tayyorlangan hujjat 2026 yil 4 iyun kuni ma’qullangan. Qonun loyihasida jins inson tug‘ilgan paytda qayd etilgan faqat biologik xususiyatlarga asoslangan va o‘zgarmas tushuncha sifatida belgilanadi.

Qonun loyihasi matniga ko‘ra, fuqarolik holati dalolatnomalari va boshqa hujjatlarda jinsni o‘zgartirish tan olinmaydi. Hujjat, shuningdek, jinsni o‘zgartirishga qaratilgan tibbiy aralashuvlarni, jumladan, jarrohlik amaliyotlari va gormonal terapiyani taqiqlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ota-onalarni bolalarini faqat tug‘ilganda belgilangan jinsiga muvofiq tarbiyalashga majburlaydi. Alohida qoida sifatida bir xil biologik jinsga mansub shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlash taklif etiladi.

«Biz qonun loyihasining birinchi o‘qishda qabul qilinganidan chuqur afsusdamiz», — deya bayonot berdi BMT ekspertlari.

Ular taklif etilayotgan o‘zgartishlar Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga ham, mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga ham zid ekanini ta’kidladilar. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgartishlar gender tengligi tamoyilini buzishi va shaxsiy hayot daxlsizligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim olish hamda fikr bildirish erkinligi kabi qator asosiy huquqlarga ta’sir qilishi mumkin.

BMT ekspertlari qonun loyihasi mualliflarining gender xilma-xilligini tan olishni demografik siyosat, milliy xavfsizlik va barqaror rivojlanishga tahdidlar bilan bog‘lovchi dalillarini tanqid qildi. Ular Qirg‘iziston parlamentiga qonun loyihasini qaytarib olishni va mamlakatda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamda milliy majburiyatlarga mos keladigan qonunlar qabul qilinishini ta’minlashni tavsiya qildi.

Avvalroq qonun loyihasini inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti ham tanqid qilgan edi. HRW vakillarining ta’kidlashicha, hujjat «transgender insonlar haqidagi xavfli afsonalar»ga asoslangan bo‘lib, ularning hayotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

«Ushbu qonun odamlarni huquqiy tan olinish imkoniyatidan mahrum qiladi, ularni jamiyat chetida qoldiradi hamda kamsitish va zo‘ravonlikka nisbatan zaif holatga keltiradi», — deb hisoblaydi HRWning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Siynat Sultonaliyeva.

Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, qonun loyihasi amalda transgender bolalar va yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish hamda jinsiy tarbiya berishni jinoiylashtiradi. Bu esa Qirg‘iziston Konstitutsiyasi va BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga zid keladi.

Human Rights Watch tashkiloti, shuningdek, 2020 yil avgust oyiga qadar Qirg‘izistonda tibbiy «transseksualizm» tashxisi mavjud bo‘lgan taqdirda, shaxs tanlagan genderini ma’muriy tartibda huquqiy tan olish imkoniyati bo‘lganini eslatadi. Biroq, parlament ushbu tartibni qonunchilikdan chiqarib tashladi. Shundan keyin transgender shaxslar hujjatlardagi gender belgisini faqat sud orqali o‘zgartirish imkoniyatiga ega edi. Yangi qonun loyihasi esa bu yo‘lni ham yopmoqda.

Qonun loyihasida jinsiy rivojlanishning tug‘ma anomaliyalari bo‘lgan shaxslar uchun istisno nazarda tutilgan — bunda tibbiy komissiya xulosasi va sud qarori mavjud bo‘lishi kerak. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Tilek Mamadaliyev parlament majlisida Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali jinsni o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy holatlar qayd etilmaganini aytgan edi. Biroq, bu ma’lumotlar avval e’lon qilingan ma’lumotlarga zid keladi: 2018 yilda Milliy gospital vakili to‘rt yil davomida jinsni o‘zgartirish bo‘yicha 10 ta operatsiya o‘tkazilganini ma’lum qilgan, 2017 yilda esa Davlat ro‘yxatga olish xizmati pasportlardagi jins haqidagi ma’lumotlarni almashtirish bo‘yicha 12 ta ariza kelib tushganini bildirgan.

Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, u ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ma’qullanishi, shundan so‘ng prezident tomonidan imzolanishi kerak. Human Rights Watch tashkiloti parlament qonunni tezlashtirilgan tartibda qabul qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

ℹ️ BMTning mustaqil ekspertlari BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tayinlanadi. Ular BMT xodimlari hisoblanmaydi va o‘z faoliyati uchun maosh olmaydi. Ular shaxsiy maqomda ish yuritadi hamda hech qanday hukumat yoki tashkilot nomidan vakillik qilmaydi.