Tokioda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining keng ko‘lamli taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» nashriga tayanib, Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Yaponiyaning ta’lim va madaniyat muassasalari vakillari, xususiy kompaniyalar, turizm tashkilotlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning diplomatik korpusi a’zolari, olimlar, tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Yaponiyada yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, talabalar ishtirok etdi.
Tashkilotchilar Markazning asosiy maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Islom sivilizatsiyasi tarixi, ilm-fan va madaniyatini o‘rganish, noyob qo‘lyozmalar va madaniy meros obyektlarini to‘plash, saqlash hamda keng targ‘ib qilish bo‘yicha Markaz faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, Markaz nafaqat muzey va ilmiy-ma’rifiy majmua, balki turli xalqlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan xalqaro maydon ham hisoblanadi.
Taqdimot doirasida Markaz ekspozitsiyalarida aks ettirilgan mavzular namoyish etildi. Jumladan, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning jahon ilmi va islom tafakkuri rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev «Ma’rifat orqali kelajakka» mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy xotirani tiklash, madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek, xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu o‘z chiqishida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati mamlakatning boy ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilayotganini qayd etdi. U Markaz Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



