Qirg‘iziston Energetika vazirligi blekaut muammolarini hal etish uchun prezident jamg‘armasidan 350 million dollar oladi

depositphotos.com fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z jamg‘armasidan taxminan 350 million dollar ajratadi. Xususan, ushbu mablag‘lar yangi elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni qurishga yo‘naltiriladi. Bu haqda respublika Energetika vaziri Oltinbek Risbekov ma’lum qildi, deb xabar beradi Economist.kg.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, energetika tizimidagi muammolar 17 iyul kuni davlat rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan. Energetika vazirligi Japarovga elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgan Bishkek shahrida yangi elektr uzatish tarmoqlari va yirik podstansiyalar qurish bo‘yicha takliflarni taqdim etgan.

Prezident ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, o‘z jamg‘armasidan taxminan 350 million dollar ajratishga va’da berganini vazir qo‘shimcha qildi.

Uning ta’kidlashicha, ilgari bunday loyihalar faqat energetika kompaniyalarining mablag‘lari yoki moliya institutlari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan amalga oshirilgan.

Risbekovning ta’kidlashicha, joriy yilda havo haroratining yuqori bo‘lishi sababli energetika sohasidagi vaziyat yanada og‘irlashgan. Aholi konditsionerlardan ommaviy ravishda foydalanayotgani elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani keskin oshirgan.

Vazirning aytishicha, 20 iyul kuni elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga — qariyb 50,8 million kilovatt-soatga yetgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu sanasida bu ko‘rsatkich taxminan 43 million kilovatt-soatni tashkil etgan.

Eng murakkab vaziyat Bishkek shahrining chekka hududlarida, shaharning turar joy massivlarida, shuningdek, poytaxtga yaqin joylashgan Cho‘y viloyati aholi punktlarida kuzatilmoqda.

«Ortiqcha yuklama tufayli ayrim hududlardagi energetika uskunalari deyarli o‘z texnik imkoniyatlarining eng yuqori chegarasida ishladi. <…> Havo harorati taxminan 45 darajaga yetganda elektr uzatish tarmoqlarining texnik o‘tkazuvchanlik qobiliyati qariyb 25 foizga pasayadi. Ya’ni, oddiy sharoitda liniya quvvatning 100 foizini uzata olsa, bunday issiqda bu ko‘rsatkich 75 foizgacha tushishi mumkin», — deydi Energetika vazirligi rahbari.

Blekautlar bilan bog‘liq vaziyat davlat rahbari e’tiboridan chetda qolmagan. Japarov mamlakat import qilinadigan elektr energiyasiga qaram ekanini aytib, bu holatni uyatli deb baholadi. Prezidentning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston yirik suv resurslari manbalari boshida joylashganiga qaramay, elektr energiyasi tanqisligini boshdan kechirmoqda.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mamlakatda 50 ga yaqin kichik va o‘rta gidroelektr stansiyasi ishga tushirilgan, yana shunchasi qurilmoqda. Biroq mustaqillik yillari davomida Kambarota GES-2ning birorta ham gidroagregati ishga tushirilmagan va birorta yirik gidroelektr stansiyasi barpo etilmagan.

Respublika rahbari qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berishni so‘rab qo‘shni davlatlarga murojaat qilish unga noqulay ekanini tan oldi. Shu bilan birga, hozircha importdan voz kechishning imkoni yo‘qligini qayd etdi.

Japarov elektr energiyasi tanqisligi muammosini hal etishga umid bildirib, 21 iyuldan boshlab Energetika vaziri har kuni sohadagi vaziyat yuzasidan jamoatchilikka axborot berib borishini ma’lum qildi.

Joriy yoz mavsumida Qirg‘izistonda bir necha marta keng ko‘lamli elektr uzilishlari — blekautlar kuzatildi. Jumladan, 17 iyul kuni deyarli butun Bishkek shahri elektr ta’minotisiz qoldi. Shuningdek, Qant, Narin, Jalolobod shaharlari hamda O‘sh, Cho‘y va Issiqko‘l viloyatlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi.

«Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi avariyaga yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar sabab bo‘lganini ma’lum qildi. «220 kVli “Qora-Balta — Glavnaya” va “Glavnaya — Shu” yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari o‘chib qoldi. Buning natijasida yuklamani avtomatik tarzda o‘chirish tizimi ishga tushdi», — deyiladi kompaniya xabarida.