Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Kiyevning KQK tankerlariga qilingan hujumlarga aloqadorligini rad etdi

timesca.com sayti fotosurati

Ukraina Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) terminali orqali Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga qilingan hujumlarga aloqador emasligini bildirdi. Bu haqda Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Viktor Mayko The Times of Central Asia nashriga bergan izohida ma’lum qildi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev iyul oyida Novorossiysk yaqinidagi KQK dengiz terminali hududida fuqarolik kemalariga qilingan hujumlar munosabati bilan Qozog‘istonning xavotirlarini tushunadi va bu xavotirlarga qo‘shiladi.

«Bugungi kunga qadar mazkur hujumlar Ukraina tomonidan amalga oshirilganini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q. Shuning uchun Ukrainaga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita shoshma-shosharlik bilan va asossiz ayblovlar bildirishdan tiyilishingizni so‘rayman», — dedi Mayko.

Elchi, shuningdek, Ukraina hukumati avvalroq xalqaro hamkorlarni Rossiya tomonidan Ukraina dronlaridan foydalangan holda provokatsiyalar uyushtirish ehtimoli haqida ogohlantirganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari Ukraina dronlarini tutib qolishi yoki ularning yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Shu sababli, Kiyev fikricha, bunday provokatsiyalar haqidagi versiya sinchkovlik bilan tekshirilishi lozim.

Mayko Ukraina Qurolli kuchlari fuqarolik obyektlariga, jumladan Rossiya hududidagi obyektlarga zarba bermasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, qonuniy nishonlar faqat harbiy obyektlar va Rossiyaning harbiy harakatlarini ta’minlovchi infratuzilmalar hisoblanadi.

«Qozog‘iston, uning fuqarolari, infratuzilmasi va iqtisodiy manfaatlari hech qachon Ukraina tomonidan harbiy nishon sifatida ko‘rilmagan va ko‘rilmaydi. Kaspiy quvurlari konsorsiumi infratuzilmasiga yoki Qozog‘iston Respublikasining boshqa iqtisodiy va energetika obyektlariga qilingan har qanday hujumlar Ukrainaning manfaatlariga javob bermaydi», — dedi diplomat.

U, shuningdek, Ukraina Qozog‘istonni do‘stona davlat va Markaziy Osiyodagi muhim hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlab, o‘zaro hurmat va konstruktiv muloqot asosida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga umid bildirdi.

Avvalroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi KQK infratuzilmasi orqali neft tashiyotgan fuqarolik kemalariga dronlar orqali qilingan hujumlarni respublika iqtisodiy manfaatlariga tajovuz sifatida baholagan va yetkazilgan zararni baholash niyati borligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, xalqaro huquqqa muvofiq zararni qoplashni talab qilish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirgandi.

Kaspiy quvurlari konsorsiumi Qozog‘iston neftini jahon bozorlariga eksport qilishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi: mamlakat neft eksportining 80 foizdan ortig‘i ushbu tizim orqali amalga oshiriladi. Taxminan 1,5 ming kilometr uzunlikdagi quvur G‘arbiy Qozog‘istondagi neft konlarini Qora dengiz sohilidagi dengiz terminali bilan bog‘laydi. U yerdan neft tankerlarga yuklanadi. Konsorsium aksiyadorlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Amerikaning Chevron kompaniyasi va boshqa xalqaro neft-gaz korporatsiyalari bor.

So‘nggi vaqtlarda KQK kemalari va infratuzilmasi muntazam ravishda hujumlarga uchramoqda. Bu holat neft eksportida uzilishlarga va Qozog‘istonda neft qazib chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Iyul oyi boshida Chevron tomonidan fraxt qilingan va yuklash uchun yo‘l olgan Yasa Polaris tankeri dronlar hujumiga uchradi. O‘shanda kema jiddiy zarar ko‘rmagandi.

17 iyul kuni konsorsiumning dengiz terminali tomon harakatlanayotgan Nordic Zenith tankeriga dronlar hujum qildi. Ikki marta berilgan zarbadan so‘ng kema bortida yong‘in chiqdi va ekipaj xavf signalini berdi. 13 nafar dengizchi evakuatsiya qilindi, yana to‘qqiz nafari o‘z xohishiga ko‘ra kemada qoldi. Yong‘in ekipaj kuchlari bilan o‘chirildi, ammo kema shikastlandi va neft yuklash uchun yaroqsiz holga keldi.

19 iyul kuni dronlar «Tengizshevroyl» (Chevron) kompaniyasi neftini tashiyotgan ASIA tankeriga hamda Kashagan B.V. va «Maten» kompaniyalari («QazMunayGaz»ning sho‘ba tuzilmasi) nefti yuklanayotgan NISSOS IOS tankeriga hujum qildi.

20 iyul kuni esa VPU-1 tashqi prichal qurilmasi yaqinida turgan NELSA tankeri zarbaga uchradi.