Xitoy korporatsiyasi O‘zbekistonda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash ishlariga jalb qilindi

M-Grass Ecology And Environment Group va Green University hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. gov.uz sayti fotosurati

Xitoyning M-Grass Ecology And Environment Group korporatsiyasi O‘zbekistonda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash va yerlarning cho‘llanishiga qarshi kurash ishlarida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

21 iyul kuni Toshkentda korporatsiya O‘zbekistonning Green University universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. Hujjat nafaqat yerlarni qayta tiklash, balki urug‘ va ko‘chat yetishtirish sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, ekologiya sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ham nazarda tutadi.

Kelishuv imzolanishi «Ichki Mo‘g‘ulistonda ekologik himoya to‘sig‘ini yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba» mavzusidagi taqdimot-ko‘rgazma doirasida bo‘lib o‘tdi. U Markaziy Osiyo atrof-muhit va ekologiya tadqiqotlari markazida tashkil etildi.

Taqdimot ishtirokchilari ekologik barqarorlikni ta’minlash, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish, o‘rmonzorlar maydonini kengaytirish, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash hamda tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qildi. Ayniqsa, o‘rmon va yaylov xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalar hamda ilmiy ishlanmalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rgazmada Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston hududida cho‘llanishga qarshi kurash, qurg‘oqchil hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va yerlarni qayta tiklash bo‘yicha erishgan yutuqlari namoyish etildi.

2024 yili Xitoy dunyoda birinchi bo‘lib degradatsiyaga uchragan yerlar maydoni o‘sishining oldini olgani haqida xabar berilgandi. So‘nggi 40 yil davomida mamlakatda cho‘llanishga uchragan 4 million gektardan ortiq hudud qayta tiklandi.

Bunday natijaga «Uch shimoliy himoya kamarlari» («Yashil Buyuk devor» deb ham ataladi) kabi keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish orqali erishildi. Ushbu dastur Xitoy shimolida o‘rmonlarni tiklash va cho‘llanish hamda tuproq eroziyasiga qarshi tabiiy to‘siq yaratishga qaratilgan.

ℹ️ M-Grass Ecology and Environment Group — faoliyati ekotizimlarni tiklash va urug‘ texnologiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan Xitoy kompaniyasidir. Kompaniya biznesining asosiy yo‘nalishlari yaylovlarni ekologik tiklash, cho‘llanishga qarshi kurash, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish (jumladan, tog‘-kon ishlanmalari hududlarini tiklash), o‘simlik urug‘larini sotish hamda o‘g‘itlar savdosini o‘z ichiga oladi.

Green University — atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bo‘lib, 2023 yili Prezident farmoni bilan tashkil etilgan. Ta’lim muassasasi Toshkent tumanida joylashgan bo‘lib, barqaror rivojlanish, «yashil» iqtisodiyot va ekologik huquq sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.

  • Toshkеntda «Rassom va tabiat» XL yubilеy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

  • Nima uchun Oʻzbеkiston yana bir bor gaz taqchilligiga duch kеlgani va yana bir bor yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini chеklagani haqida

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor