O‘zbekistonda hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyondasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi. Bu haqdagi qarorni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deb xabar qiladi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Gap al-Hakim at-Termiziy haqida bormoqda. Uni mintaqada tug‘ilgan yana bir mashhur muhaddis — Imom at-Termiziy bilan adashtirmaslik lozim. Imom at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi O‘zbekistonda 2024 yili keng nishonlangan edi.
2026 yil noyabr oyida Termiz shahrida «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan olimlar ishtirok etib, mutafakkirning hadisshunoslik, tasavvuf va islom falsafasi rivojiga qo‘shgan hissasini muhokama qiladilar.
Shuningdek, allomaning «Navodirul usul» va «Bahrut tafsir» asarlari hamda uning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish belgilangan.
Hakim Termiziy asarlari bilimi bo‘yicha diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblar mukofotlanadi. Shuningdek, yubiley munosabati bilan o‘zbek milliy kurash bo‘yicha «Mardlar maydoni» shiori ostida turnir tashkil etiladi.
Hakim Termiziy — Termiz shahrida tug‘ilgan buyuk muhaddis, mufassir va tasavvuf ilmining eng yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning asarlari islom ma’naviyati, axloq, komil inson tarbiyasi va ma’rifiy qarashlarning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



