Farg‘onada 105 bolaning zaharlanishida aybdor deb topilganlarga ozodlikni cheklash jazosi qamoq muddatlariga almashtirildi

Garden Catering Trade kompaniyasi ofisi. Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati fotosi

Farg‘ona viloyati sudi kassatsiya instansiyasida 105 nafar davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchisining zaharlanishi bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqib, avvalroq chiqarilgan hukmni o‘zgartirdi. Aybdor deb topilgan Garden Catering Trade kompaniyasi vakillariga ozodlikni cheklash o‘rniga haqiqiy qamoq jazolari tayinlandi. Bu haqda O‘zbekistonning tegishli hududi sudlari matbuot xizmatiga tayanib «Gazeta.uz» xabar beradi.

Viloyat sudi hukmi 7-noyabrda e’lon qilindi. Ushbu hukmga binoan, respublika Jinoyat kodeksining 59-moddasi («Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash») va 61-moddasiga («Jazolarni qo‘shishda hisoblash qoidalari») muvofiq, korxona rahbari Shavkat Turdaliyev 4 yil koloniya, korxona texnologi Rasuljon Alimov esa 3 yil-u 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.

Avvalroq, sentabr oyida Farg‘onaning Furqat tuman sudi bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ommaviy zaharlanishi ishi bo‘yicha sud jarayonini yakunlagan edi. O‘shanda Garden Catering Trade xodimlariga talon-torojlik va boshqa jinoyatlar ham ayb sifatida qo‘yilgan edi. Natijada Turdaliyev Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi («Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish»), 167-moddasi («O‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish») va 228-moddasi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») bo‘yicha aybdor deb topilgan edi.

Alimov esa faqat 257-1-modda bo‘yicha aybdor deb topilgandi.

Sud ish ishtirokchilarini ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan edi: korxona rahbariga 3,5 yil, texnologga esa 3 yil tayinlangan edi. Bog‘chalarga sifatsiz oziq-ovqat yetkazib bergan kompaniyaning har ikki vakili sud zalida qamoqdan ozod qilingandi.

Bunday yengil jazo tayinlangani ayblanuvchilarning muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgani hamda 1,1 mlrd so‘mlik (92 ming dollar) moddiy zararni to‘liq qoplagani bilan izohlangan edi. Shuningdek, zaharlanish oqibatida bolalarning sog‘lig‘iga yengil shikast yetkazilgani ham inobatga olingandi.

Endilikda esa hukm o‘zgartirildi va farg‘onaliklar jazoni o‘tash koloniyasiga yuboriladi.

Ommaviy zaharlanish hodisasi joriy yilning fevral oyida ma’lum bo‘lgan edi. Farg‘onadagi birdaniga uchta davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchilarida diareya, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va yuqori harorat kuzatilgandi. Jami 105 nafar bola jabrlanib, ularga shifokorlar yordami talab etilgan edi.

Ko‘p o‘tmay, huquqni muhofaza qilish organlari sanitariya va epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzilgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. O‘shanda autsorsing asosida maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat yetkazib bergan Garden Catering Trade kompaniyasi dastlabki tender o‘tkazmasdan hudud hokimligi bilan 100 mlrd so‘mlik (taxminan 8,5 mln dollar) shartnoma tuzgani ham qayd etilgandi.