OTB O‘zbekistonda chorvachilik sohasidagi loyihani amalga oshirish uchun 60 mln dollar ajratadi

stat.uz saytidan olingan surat

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatiga 60 million dollar miqdoridagi imtiyozli qarz ajratilishini ma’qulladi. Mablag‘lar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilash va chorvachilikni rivojlantirishga yo‘naltiriladi, deyiladi xalqaro moliya institutining press-relizida.

Gap «Barqaror chorvachilikni rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish haqida bormoqda, uning doirasida respublikaning beshta hududi: Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qariyb 29 mingta mayda fermer xo‘jaligiga yordam ko‘rsatiladi. Dastur fermerlarning chorva ozuqasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishni osonlashtiradi, veterinariya xizmatlari faoliyatini yaxshilaydi va yaylov yerlaridan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur hududlarda qishloq aholisining kuchayib borayotgan qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga moslashuvi bo‘yicha amaliy yechimlar tatbiq etiladi. Shuningdek, sohada raqamli texnologiyalardan faol foydalanish ko‘zda tutilgan. Masalan, yaylovlar monitoringiga sun’iy intellekt jalb qilinadi, fermerlar uchun tavsiyalar beradigan hamda iqlim o‘zgarishi haqida erta ogohlantiruvchi mobil ilova ishga tushiriladi va hokazo.

Qayd etilishicha, chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar maxsus ta’lim oladi va ozuqa ishlab chiqarishda qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, loyiha ularning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokini kengaytiradi.

OTB vakillarining qo‘shimcha qilishicha, bank tomonidan ajratilgan mablag‘ga Yashil iqlim jamg‘armasi hamda Farovon va barqaror Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha Yaponiya jamg‘armasining grantlari ham qo‘shiladi. Mazkur tuzilmalar tegishlicha 5 million va 3 million dollar ajratadi.

«Chorvachilik O‘zbekiston qishloq aholisining millionlab vakillari uchun eng muhim daromad va oziq-ovqat manbai hisoblanadi, biroq bu soha qurg‘oqchilik, anomal issiq va suv tanqisligidan tobora ko‘proq jabr ko‘rmoqda. Ushbu loyiha fermerlarga chorvachilik mahsuldorligini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda iqlim tahdidlariga nisbatan barqarorlikni mustahkamlashda yordam beradi», — deya qarz ma’qullanganiga munosabat bildirdi OTBning O‘zbekistondagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.

ℹ️ O‘zbekiston 1995 yilda Osiyo taraqqiyot bankining hamkoriga aylangan. O‘tgan 30 yillik hamkorlik davomida moliya instituti Markaziy Osiyo respublikasi hukumatiga jami qariyb 15 milliard dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.