Toshkentdagi Demokrat.uz nashri xodimlari tovlamachilik uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Medialoyiha logotipi

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi tovlamachilikda ayblangan Demokrat.uz sayti xodimlariga nisbatan hukm chiqardi. Internet-nashr rahbari Fazlidinxon Mehmonov 10 yil 3 oyga, bloger Aziz Gʻoyibnazarov esa 10 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oʻzbekiston poytaxti sudlari matbuot xizmati oʻzining Telegram-kanalida xabar berdi.

11 noyabrda eʼlon qilingan hukmga koʻra, Mehmonov respublika Jinoyat kodeksining bir yoʻla uchta moddasi boʻyicha aybdor deb topildi:

✅ 165-modda («Tovlamachilik»);

✅ 168-modda («Firibgarlik»);

✅ 248-modda («Oʻqotar qurolning, oʻq-dorilarning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi»).

Shu bilan birga, ikkinchi sudlanuvchi — Gʻoyibnazarov faqat tovlamachilik moddasi boʻyicha aybdor deb topildi. Har ikki sudlanuvchi ham jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtaydi.

Bundan tashqari, Mehmonov zimmasiga jinoyat sodir etilishi oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati yuklandi. Biroq kompensatsiya miqdori keltirilmagan.

Toshkent sudlari matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar Oʻzbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda apellatsiya shikoyati berish orqali birinchi instansiya sudi qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Demokrat.uz medialoyihasi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida joriy yilning fevralida xabar berilgan edi. Oʻshanda tergov talqini eʼlon qilingan boʻlib, unga koʻra, 2025 yil dekabrida Gʻoyibnazarov Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan avtosalon faoliyatini salbiy tarzda yorituvchi videorolik tayyorlab, internetda tarqatgan.

Shundan soʻng nashr rahbari Mehmonov tadbirkorga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlardan kompromatni oʻchirish evaziga 50 ming dollar talab qilgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchi avtosalonni boshqarayotgan biznesmenning shaxsan oʻzini obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar aks etgan boshqa materialni eʼlon qilmaslikni vaʼda qilgan.

Ammo tadbirkor tovlamachilarga boʻysunmay, huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. 2026 yil 29 yanvarda avtosalon egasi Mehmonovga 3 ming dollar toʻlagan. Soʻngra 10 fevral kuni yana 17 ming dollarni olayotgan vaqtda Demokrat.uz nashri rahbari ashyoviy dalillar bilan ushlangan.