Toshkentda noqonuniy kazino va tanishuv saytlarining koll-markazlari fosh etilib, 72 kishi qo‘lga olindi

kun.uz saytidan olingan foto

Toshkent shahrining Mirobod tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari ikkita yashirin koll-markaz faoliyatiga chek qo‘ydi. Ularning ishtirokchilari noqonuniy onlayn-kazinolarga xizmat ko‘rsatish hamda internet orqali firibgarlik qilishda gumon qilinmoqda. O‘tkazilgan amaliyotlar davomida 72 nafar shaxs qo‘lga olindi, 110 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd pullar hamda yuzlab elektron qurilmalar musodara qilindi. Bu haqda O‘zbekiston poytaxti Ichki ishlar bosh boshqarmasining matbuot xizmati xabar beradi.

Birinchi koll-markaz Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi gumonlanuvchilar tomonidan oyiga 9 ming AQSH dollariga ijaraga olingan xususiy xonadonda aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda faoliyat yuritgan 52 nafar shaxs noqonuniy onlayn-kazino va bukmekerlik idoralari uchun to‘lovlarni qabul qilib, mablag‘larni bank kartalari orqali o‘tkazib kelgan. Huquq-tartibot organlari guruh a’zolari shu yo‘l bilan jinoiy daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) bilan shug‘ullangan deb hisoblamoqda. Tintuv chog‘ida 110 ming AQSH dollari naqd pul, 71 ta noutbuk, 278 ta uyali telefon va Starlink sun’iy yo‘ldosh internetining uchta terminali olib qo‘yildi.

Ikkinchi markaz Katta Mirobod ko‘chasida, oylik ijara haqi 2 ming AQSH dollari bo‘lgan binoda faoliyat yuritgan. Bu yerda yana 20 nafar shaxs qo‘lga olindi. Tergov talqiniga ko‘ra, ular o‘zlarini ayol sifatida tanishtirib, internetda erkaklar bilan tanishgan va romantik munosabatlar bahonasida ularning pullarini o‘zlashtirgan. Binodan 24 ta noutbuk, planshet, 52 ta telefon va to‘rtta simsiz aloqa qurilmasi topildi.

IIBB xodimlari aniqlashicha, har ikkala guruh rahbarlar, boshqaruvchilar, operatorlar va qo‘riqchilardan iborat aniq tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lgan. Ularning faoliyati bilan bog‘liq kriptoaktivlar aylanmasi 576 ming AQSH dollariga baholandi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 278-8-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

2025-yilning fevral oyida O‘zbekistonda ikkitasi Farg‘onada, bittasi Toshkentda joylashgan uchta firibgarlik koll-markazi tarmog‘i fosh etilgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda 32 kishi qo‘lga olingandi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari sifatida tanishtirgan va Rossiya fuqarolariga ular xarid qilgan biologik faol qo‘shimchalar uchun kompensatsiya va’da qilib, pullarini chuv tushirgan. Jabrlanuvchilarga go‘yoki tegishli bo‘lgan to‘lovlarni olish uchun oldindan ko‘rsatilgan hisobraqamlarga pul o‘tkazish taklif etilgan.

2025-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda onlayn-kazino va bukmekerlik idoralari faoliyati qonuniylashtirildi. Biroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ilk litsenziyalarni faqat 2026-yilning iyul oyida ikkita kompaniyaga taqdim etgan. Shu bilan birga, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasi qimor o‘yinlarini, jumladan, litsenziyaga ega operatorlar xizmatlarini ham targ‘ib qilishni taqiqlaydi. Oqibatda qonuniy kompaniyalar mijozlarni jalb etish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda, o‘yinchilar esa O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan, o‘zlariga eskidan tanish xorijiy bukmekerlik idoralari xizmatlaridan foydalanishda davom etmoqda.