Oʻzbekiston hukumati 2027 yilgi budjetni 48 trln soʻm defitsit bilan hisoblab chiqdi

2027 yilda Oʻzbekiston davlat budjeti daromadlari 416 trln soʻmni ($34,5 mlrd), xarajatlari esa 464 trln soʻmni ($38,5 mlrd) tashkil etishi kutilmoqda. Binobarin, taqchillik 48 trln soʻmdan (taxminan $4 mlrd) oshmasligi lozim. Ushbu koʻrsatkichlar iqtisodiy oʻsish kamida 7% boʻlgan taqdirda amalga oshadi. Mutasaddilar kelgusi yil budjeti loyihasini respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilishda taqdim etishdi, deb xabar beradi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Shuningdek, asosiy makroiqtisodiy prognozlarga koʻra, 2027 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi $232 mlrdga yetadi. Shu bilan birga, inflyatsiyani kelgusi yili 6% gacha, 2028-2029 yillarda esa 5% gacha pasaytirish koʻzda tutilmoqda. Bunda Oʻzbekistonning asosiy eksport mahsulotlaridan biri boʻlgan oltin sotuvini hisobga olmaganda ham eksport hajmi qariyb $40 mlrdga yetadi.

Davlat budjetining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlanib qolishi taʼkidlandi. Xususan, taʼlim sohasidagi islohotlarni moliyalashtirish uchun 114,3 trln soʻm (taxminan $9,5 mlrd) ajratiladi, bu oʻtgan yilgiga nisbatan 14 trln soʻmga ($1,1 mlrd) koʻpdir. Sogʻliqni saqlash tizimi ehtiyojlariga 61,4 trln soʻm ($5 mlrd) yoʻnaltiriladi — bu 2026 yildagidan 12 trln soʻmga ($996 mln) koʻp demakdir.

Bundan tashqari, hududlar va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligi hamda daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga yana 70 trln soʻm ($5,8 mlrd) sarflanishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiy oʻsishni yiliga kamida 7% darajasida ushlab turish uchun har bir tarmoqda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksportni kengaytirish va daromadi yuqori ish oʻrinlarini koʻpaytirish ustuvor boʻlgan yangi modelga oʻtish zarur.

Xalqaro tajriba ko‘rsatishicha, raqobatbardosh eksportbop ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, investitsiyalar samaradorligi, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy siyosatning oʻzgaruvchan sharoitlarga moslasha olish qobiliyati rivojlanishning asosiy omillari boʻlishi kerak.

Shu munosabat bilan, yigʻilishda qayd etilganidek, kimyo va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik va farmatsevtika sohalari hamda boshqa yoʻnalishlarni jadal rivojlantirish boʻyicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda. Mazkur sohalardagi loyihalarga xalqaro investorlar jalb etilishi kutilyapti. Chunonchi, 2027 yilda har bir tarmoqqa kamida 2–3 tadan yirik hamkorlarni jalb qilish koʻzda tutilgan.

Yangi yoʻnalishlarga, jumladan yarimoʻtkazgichlar texnologiyasi, robototexnika, biotexnologiya, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirishni amalga oshirish, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayoni kabi boshlangan islohotlar izchil davom ettiriladi.

Fiskal siyosat masalalari ham muhokama qilindi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha,

2027 yilda hukumat asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlab qolish niyatida.

Bunday yondashuvda iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish, «yashirin» iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish budjet daromadlarining bosh manbalariga aylanadi. Shu bilan birga, samarasiz xarajatlarni qisqartirish, investitsiya va subsidiyalar samaradorligini oshirish, budjet intizomini mustahkamlash zarur.

Yigʻilishda qayd etilishicha, joriy yil yakunlariga koʻra iqtisodiy oʻsish 8% boʻlishi, YaIM hajmi $200 mlrddan oshishi, aholi jon boshiga daromad esa $5,2 mingni tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu natijalar 2030 yilgacha belgilangan maqsadlarga erishish, yaʼni YaIM hajmini $300 mlrdga, aholi jon boshiga daromadni $10 mingga yetkazish uchun mustahkam poydevor yaratadi.