O‘zbekistonlik xokkeychi ilk bor Chexiya chempionatining oliy divizionida muzga chiqdi

Jasurbek Rustamxonov. Foto: «Energiya» XK

19 yoshli hujumchi Jasurbek Rustamxonov Chexiya xokkey Ekstraligasida o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi. Toshkentda tug‘ilgan sportchi 13 noyabr kuni Karlovi-Varining «Energiya» klubi safida Praganing «Sparta» jamoasiga qarshi kechgan uy uchrashuvida debyut qildi, deb xabar berdi jamoa matbuot xizmati.

Uchrashuv «Energiya»ning 1:3 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Rustamxonov hujumning uchinchi qatorida Vit Yiskra va Yakub Minarik bilan birga muzga chiqdi. O‘zbekistonlik xokkeychi maydonda 8 daqiqayu 4 soniya harakat qildi va samarali ochko jamg‘ara olmadi. Shu bilan birga, u ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida qulay zarba berish pozitsiyasiga chiqdi, ammo noqulay qo‘l bilan yo‘llagan shaybasi darvozadan chetlab o‘tdi. Uchinchi bo‘limda ham legioner raqib darvozasiga xavf solishga muvaffaq bo‘ldi.

Hujumchi o‘z debyutini nafaqat shaxsan o‘zi, balki butun o‘zbek xokkeyi uchun ham muhim qadam deb hisoblaydi.

«Bu men uchun haqiqatan ham juda katta ahamiyatga ega. Klubga, bosh murabbiyga va meni qo‘llab-quvvatlagan vatanim — O‘zbekistondagi ustozlarimga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu o‘zbek xokkeyi va bolalar uchun ulkan voqea. <…> Ular menga qarab, O‘zbekistondan ham professional ligalarga chiqish mumkinligiga ishonishlari mumkin. Agar nimaga intilayotganingni va nima ustida ishlayotganingni bilsang, qayerdan ekaning muhim emas», — dedi Rustamxonov.

Rustamxonov 2007 yil 16 mayda Toshkentda tug‘ilgan va aynan shu yerda xokkey bilan shug‘ullana boshlagan. 2022 yilda u ilk bor Chexiyaga yo‘l olib, Pisek shahrining o‘smirlar jamoasida shayba surgan. 2024 yil oktyabrida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi uning «Energiya»ga o‘tganini eʼlon qilgan edi, forvard mazkur klubning yoshlar tarkibida uchinchi mavsum o‘ynamoqda. 2026/27 yilgi mavsum o‘smirlar o‘rtasidagi Chexiya chempionatida uning hisobida 20 ochko — 16 uchrashuvda 7 ta urilgan shayba va 13 ta golli uzatma bor.

2026 yilning may oyida Rustamxonov AQSH Yoshlar xokkey ligasi draftida tanlangan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi. «Dyubyuk Fayting Seynts» klubi uni 11-raundda umumiy 177-raqam ostida tanladi. Biroq xokkeychi Chexiyadagi faoliyatini davom ettirdi.

Rustamxonov, shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi sharafini ham himoya qiladi. U o‘smirlar milliy terma jamoasi sardori bo‘lgan hamda o‘smirlar o‘rtasida ikki karra Osiyo va Okeaniya chempioniga aylangan. 2026 yilgi jahon chempionatining uchinchi divizioni «B» guruhida hujumchi beshta uchrashuvda sakkizta shayba kiritib, to‘rtta golli pas berdi va terma jamoaning g‘alabasi hamda uchinchi divizionning «A» guruhiga ko‘tarilishiga katta hissa qo‘shdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda xokkey jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Bundan avval «Farg‘ona» yozganidek, moliyaviy muammolar Toshkentning «Humo» klubini Qozog‘iston chempionatini tark etishga majbur qildi, mamlakatning bosh muz arenasidan esa mashg‘ulotlar uchun foydalanilmay qo‘yildi. Oktyabr oyi oxirida yosh xokkeychilarning ota-onalari va murabbiylar yana hukumatga murojaat qilishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, «Humo Arena» yarim yildan beri ishlamayapti, xokkey akademiyasi yopilgan, «Tashkent Selekt» yoshlar klubi tugatilgan, 300 dan ortiq bola muntazam shug‘ullanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. 2026/27 yilgi mavsum O‘zbekiston chempionati xavf ostida qoldi, uning barbod bo‘lishi milliy terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtirokiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.