O‘zbekiston Mehnat kodeksiga (MK) ish joyidagi xarassmentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi hamda korxonalar rahbarlariga jamoada jinsiy shilqimlikdan xoli muhit yaratish choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi 8-1-modda kiritildi. Tegishli tuzatishlar respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 noyabrda imzolagan qonunda o‘z aksini topgan.
Qayd etilishicha, Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar milliy qonunchilikka mehnat munosabatlari sohasidagi xalqaro standartlarni tatbiq etishga qaratilgan. Qonun loyihasi O‘zbekiston Oliy Majlisi (parlamenti) Qonunchilik palatasi tomonidan iyulda qabul qilingan, 2 oktyabrda esa Senat (parlamentning yuqori palatasi) ma’qullagan edi.
Hujjatda ko‘rsatilishicha, xarassment deganda inson uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar tushuniladi.
Xususan, tashqi ko‘rinish va qomat bo‘yicha izohlar, odobsiz imo-ishoralar, teginishlar, shuningdek, jinsiy mazmundagi og‘zaki murojaatlar shunday harakatlar sirasiga kiradi.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining mehnat sohasida kamsitishni taqiqlovchi 4-moddasiga ham o‘zgartishlar tasdiqlandi. Mazkur holatda inson qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar va harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydigan belgilar ro‘yxati kengaytirildi. Agar ilgari moddada jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi va qarindoshlarining sudlanganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda bunga terining rangi va siyosiy qarashlar ham qo‘shildi.
O‘zbekistonda mazkur muammo dolzarb bo‘lib qolmoqda, ko‘chada, ishda, metro yoki taksida ayollarga nisbatan shilqimlik qilish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar bundan dalolat beradi. Shu munosabat bilan mamlakatda bir necha yildan buyon haqorat va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Masalan, joriy yilning sentyabr oyida respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaror imzoladi, unga ko‘ra mutasaddilar 1 dekabrdan boshlab xarassment faktlari bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish uchun «Xavfsiz va hurmatli ish muhiti» portalini ishga tushirishlari lozim.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham 41-1-modda — «Jinsiy shilqimlik qilish» mavjud. Bunday huquqbuzarlik uchun aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha — 2,2 mln so‘m ($183) miqdorida jarima yoki besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.



