Jahon banki (JB) Ijrochi direktorlar kengashi Samarqand viloyatida tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston hukumatiga 100 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha ajratilmoqda, deyiladi moliya institutining press-relizida.
Gap 2028 yilning dekabriga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan «Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish natijalarini tizimli yaxshilash» (SHIFO-1) dasturi haqida bormoqda. Loyihaning umumiy qiymati 525 mln dollarni tashkil etadi, moliyalashtirishning asosiy qismini — 425 mln dollarini Markaziy Osiyo respublikasi hukumati o‘z zimmasiga oladi.
Dastur doirasida tibbiyot xodimlarining malaka oshirish kurslaridan o‘tishi hisobiga yuqoriroq ish haqi to‘lanadigan 28 800 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
«Ming-minglab shifokorlar hamda hamshiralarni tayyorlash, shuningdek, tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish orqali ushbu dastur xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi va fuqarolarning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi», — deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhasin.
JB qo‘shimcha qilishicha, mamlakat aholisining ko‘payishi tufayli yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, ayniqsa yurak-qon tomir xastaliklari sog‘liqni saqlash tizimiga tobora katta yuklama keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, respublika hukumati aynan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini milliy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi. Bundan tashqari, Milliy salomatlik pakti doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini qayta ko‘rib chiqish, sohaning kadrlar salohiyatini mustahkamlash va uni moliyalashtirishni isloh qilishga qaror qilingan.
SHIFO-1 dasturi qariyb 4,3 mln kishi istiqomat qiladigan alohida hududda tegishli islohotlarni o‘tkazishni nazarda tutadi. Xususan, 400 dan ziyod oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilishga investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 6400 dan ortiq tibbiyot xodimini, jumladan 1250 nafar umumiy amaliyot shifokori va 5000 nafar hamshirani tayyorlash hamda sertifikatlash mo‘ljallanmoqda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida band bo‘lgan xodimlarning 80 foizi ayollar ekani qayd etiladi. Ularni o‘qitish loyihaning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Shuningdek, dastur doirasida bemorlarning elektron reyestri va birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘inida aholi salomatligini boshqarish sifatini oshirishga qaratilgan vositalarni integratsiya qilish orqali D-MED raqamli sog‘liqni saqlash platformasi kengaytiriladi.
Natijada yangiliklar Samarqand viloyatida yashovchi 330 ming nafar fuqaroni yurak-qon tomir kasalliklari xavfini aniqlash uchun skriningdan o‘tkazish hamda 250 ming bemorning davolanish jarayonini kuzatib borish imkonini beradi.



