BRIKS banki ilk bor Oʻzbekistonga kredit ajratadi — energetika loyihasiga $300 mln

Foto: Reuters

BRIKS davlatlari tomonidan tashkil etilgan Yangi taraqqiyot banki (YATB) ilk bor Oʻzbekiston hukumatiga kredit ajratadi. Gap Markaziy Osiyo respublikasining kam uglerodli energetika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha loyihaning dastlabki bosqichini amalga oshirishga qaratilgan 300 million dollarlik bitim haqida bormoqda. Bu haqda xalqaro moliya tashkilotining saytida maʼlum qilindi.

Bank izohiga koʻra, mablagʻlar Oʻzbekistonning shamol, gidro- va atom energetikasi yoʻnalishidagi dasturlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Kam uglerodli sektorni rivojlantirish loyihasi mamlakat hukumatiining ichki talabni qondirish hamda tabiiy gazga boʻlgan qaramlikni kamaytirish maqsadida tegishli energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, rejalashtirilgan harakatlar dasturining hayotga tatbiq etilishi issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga olib keladi.

Natijada, Markaziy Osiyo respublikasining 2030 yilgacha moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasiga toʻliq hamohang boʻlgan ushbu loyiha aholi va sanoat tarmoqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlashni oshirish hisobiga mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishiga xizmat qiladi.

«Mazkur kredit Yangi taraqqiyot bankining eng yangi aʼzosi hamda Markaziy Osiyodagi birinchi aʼzo-davlati boʻlgan Oʻzbekiston bilan hamkorligida muhim qadam hisoblanadi», — deya qayd etdi YATB vitse-prezidenti va bosh operatsion direktori Roman Serov.

U bank Oʻzbekistonda yangi moliyaviy vositalar yordamida infratuzilmani qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan loyihalarning salmoqli portfelini shakllantirayotganini qoʻshimcha qildi.

ℹ️ Yangi taraqqiyot banki 2015 yilda BRIKSning asosiy ishtirokchilari — Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan tuzilgan. Uning maqsadi — rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega davlatlardagi loyihalarga resurslarni jalb qilish. 2021 yilda YATB taʼsischi boʻlmagan ilk aʼzolarni qabul qildi. Oʻshandan buyon bunday davlatlar safi izchil kengayib kelmoqda. Ayni paytda bank tarkibiga oʻnta mamlakat kiradi: taʼsischilardan tashqari, bular Bangladesh, BAA, Misr, Jazoir va Oʻzbekistondir. Markaziy Osiyo respublikasi YATB safiga 2026 yilning iyun oyida qoʻshilgan.

ℹ️ BRIKS (BRICS) — 2009 yilda tashkil etilgan davlatlar ittifoqi. Bugungi kunda tashkilot safiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR, BAA, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya kiradi. Yana bir qator davlatlar, shu jumladan Qozogʻiston va Oʻzbekiston BRIKS hamkori maqomiga ega.