CPJ «Kloop» postini repost qilgan shaxs hukmidan so‘ng Japarov davrida so‘z erkinligi pasayganini tan oldi

Qirg‘izistonda bir paytlar erkin bo‘lgan media maydoni Sadir Japarov prezidentligi davrida sezilarli darajada tanazzulga yuz tutdi. Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonoti bilan bishkeklik Baqtibek Moldaliyevning «Kloop» nashri materialini repost qilgani uchun qamoq jazosiga hukm etilishiga ana shunday munosabat bildirdi.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Fiona O’Brayen faolga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmini respublikada so‘z erkinligiga bo‘layotgan bosimning yaqqol ko‘rinishi deb baholadi.

«Hukm jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu hokimiyatning hukumatdagi korrupsiya haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinishiga chek qo‘yish borasidagi urinishlari kuchayganidan dalolat beradi. Avvalroq, 2025 yilda “Kloop”ning korrupsiya haqidagi mukofotga sazovor bo‘lgan surishtiruvlari “ekstremistik” deb topilgan edi. Qirg‘iziston uchun misli ko‘rilmagan bu qadam Japarov davrida mamlakatda OAV erkinligi qay darajada cheklanganini yaqqol ko‘rsatadi», — deb yozаdi CPJ vakili.

Qayd etish joizki, Markaziy Osiyo davlati rahbariyati jurnalistlar va blogerlarning ta’qib qilinishi holatlarini rad etmoqda. Xususan, respublika rahbari intervyularining birida hukumat tanqidi sababli ushlangan fuqarolar rasmiylarning ko‘rsatmasi bilan emas, balki qonuniy asoslarda hibsda saqlanayotganini ta’kidladi. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, agar kimdir yolg‘on tarqatsa yoki birovning obro‘siga putur yetkazsa, buning uchun qonun oldida javob berishi shart.

Shu bilan birga, prezident Oliy sudning mamlakatda ommalashgan mustaqil onlayn-nashrni boshqargan «Kloop Media» jamoat fondini tugatish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. «“Kloop” jurnalistlari kimnidir qoralash maqsadida bir tomonlama surishtiruvlar o‘tkazishgan. <…> Ularning yolg‘on ma’lumotlar tarqatganiga hamma guvoh bo‘ldi», — dedi Japarov.

11 noyabr kuni Bishkekning Oktyabr tuman sudi mahalliy fuqaro Baqtibek Moldaliyevni materiallari Qirg‘izistonda «ekstremistik» deb tan olingan «Kloop» nashri maqolasini repost qilgani uchun uch yillik qamoq jazosiga hukm etgani xabar qilingan edi.

Huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik fuqaroning jinoiy ta’qibga uchrashiga uning mustaqil nashrlar saytlarini o‘qigani, ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni oshkora tanqid qilgani hamda o‘z sahifalari orqali ta’qibdagi OAV materiallarini boshqalar bilan bo‘lishgani sabab bo‘lgan.

Moldaliyev o‘z aybini tan olmadi. Bundan tashqari, u oktyabr oyida tergov izolyatorida bo‘lgan paytida yaqinlariga xat yetkazib, korrupsiyani tanqid qilgani uchun ta’qib etilishi adolatsiz ekanini bildirgan va respublika Jinoyat kodeksini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirishga chaqirgan.