Qozogʻistonda sovet askarlari yodgorligi vandallar tomonidan buzib tashlangach, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Foto: t.me/gcrfa

Qozogʻistonning Jambil viloyati politsiya departamenti Tarozda Qizil armiya jangchilari dafn etilgan joydagi yodgorlik stelasi vayron qilinganidan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatdi, deb xabar bermoqda mahkama matbuot xizmati.

Politsiya hodisaga aloqador shaxslarni aniqlash va qoʻlga olish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Aybdorlarga «qonunga muvofiq qatʼiy javobgarlik» belgilanishi vaʼda qilindi.

18 noyabr kuni Rossiyaning Olmaotadagi Bosh konsulligi nomaʼlum shaxslar Taroz shahar qabristonidagi Qizil armiyaning 72 nafar nomaʼlum jangchisi dafn etilgan gospital qabristonidagi yodgorlik stelasini deyarli butunlay vayron qilgani haqida maʼlum qildi. Diplomatik vakolatxona Qozogʻiston rasmiylarini sinchkovlik bilan tergov oʻtkazishga, aybdorlarni aniqlab, jazolashga chaqirdi.

Yodgorlik majmuasi Ikkinchi jahon urushi yillarida Jambuldagi evakuatsiya gospitallarida olgan jarohatlaridan vafot etgan sovet askarlariga bagʻishlangan. U keng koʻlamli taʼmirdan soʻng 15 oktyabr kuni ochilgan edi. Ishlar Jambil viloyati va Taroz shahri rahbariyati koʻmagida Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan.

Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq yuz bergan hodisa yuzasidan Rossiya konsulligining notasi qabul qilingani va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish niyatida ekanini TASSga tasdiqlagan edi. 19 noyabr kuni Qozogʻiston TIVning Olmaotadagi vakolatxonasi rahbari Janibek Abdrashov agentlikka mamlakatda vandalizm qoralanishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday holatlarga chek qoʻyiladi, aybdorlar esa jazolanadi.

Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 294-moddasi («Vandalizm») boʻyicha 200 BHKgacha (1,9 ming dollar) jarima, axloq tuzatish va jamoat ishlari, uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi koʻzda tutilgan.

Bunday holatlar avval ham roʻy bergan. 2024 yil bahorida politsiyachilar mast holatda Shon-shuhrat obeliskidagi Mangu olov yulduzini sindirib tashlagan Pavlodar fuqarosini qoʻlga olgan edi. Yodgorlik bir sutka ichida qayta tiklandi. Oʻsha yilning kuzida politsiya Zerenda qishlogʻidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yodgorligini tahqirlagan vandalni topgandi.